Oʼzbekiston XDP Jizzax viloyati hamda Zomin tuman kengashi tashabbusi bilan Zomin tumani Pishogʼor QFY 15-sonli oilaviy poliklinikasida “Аyollar sogʼligi – jamiyat boyligi” mavzusidagi tadbir doirasida bepul tibbiy koʼrik aktsiyasi tashkil etildi.
Tadbirda dastlab partiyaning dasturiy maqsad-vazifalari haqida maʼlumotlar berildi.
Sogʼliqni saqlash boshqarmasidan malakali tibbiyot xodimi boʼlgan mutaxassislar, yaʼni xirurg, akusher-ginekolog, terapevt, pediatr, nevropatolog, kardiolog, endokrinolog, oftalьmolog, urolog, ortoped-travmatolog, stomatolog, dermato-venerolog kabi malakali shifokorlar xotin-qizlarni chuqurlashtirilgan tibbiy koʼrikdan oʼtkazishdi.
– Аyollar salomat boʼlsa, jamiyat mustahkam boʼladi, – deydi Zomin tumani Pishogʼor QFY 15-son oilaviy poliklnikasi mudiri Safar Qarshiboev. – “Pishogʼor” QFYda 2 ta qishloq vrachlik punkti bor. Ular 22500 nafarga yaqin aholiga xizmat qilib kelmoqda. Tan olishimiz lozimki, QVPda ayrim soha mutaxassislari yetishmaydi. Shu sababli boshqa shifoxonalar va poliklinikalardan shifokorlarni chaqirganmiz. Ular belgilangan kunlarda bemorlarni qabul qiladi va kerakli tavsiyalarini beradi. Bugungi tibbiy koʼrik hududimizdagi ayollarni toʼliq tibbiy koʼrikdan oʼtkazish uchun muhim ahamiyatga ega boʼldi.
– 4 nafar farzandim bor, – deydi Shahlo Musirova. – Ikkinchi farzandimning nogironligi bor. Mutaxassis tavsiyasiga binoan “Sogʼlom avlod” xayriya jamgʼarmasi viloyat filiali tomonidan tarqatilayotgan dorilardan oldik. Bu oilamizga oz boʼlsada yordam boʼladi.
Shuningdek, tadbir davomida kam taʼminlangan oilalar farzandlari holidan xabar olindi.
Maʼrifat MАVLONOVА,
OʼzXDP Jizzax viloyat kengashi
Matbuot kotibi.