Inson qoʼli gul, deb bejizga aytishmagan dono xalqimiz. Haqiqatan ham, inson qoʼli bilan goʼzalliklar yaratishi, yoʼqdan bor qilishi mumkin. Nukusdagi Muruvvat ayollar internat uyi tarbiyalanuvchilari orasida mana shunday qobiliyat egalari talaygina.
Yaqinda mazkur internatda Oʼzbekiston XDP Qoraqalpogʼiston Respublika Kengashi homiyligida xayriya yarmarkasi tashkil etildi. Yarmarkadan muassasa tarbiyalanuvchilarning qoʼl mehnatlari va ijodiy ishlari oʼrin oldi.
– Yarmarkaga qoʼyilgan mahsulotlar tarbiyalanuvchilarimizning qoʼl mehnati asosida yaratilgan, – deydi muassasa direktori Lida Kim. – Ularning biron-bir foydali ish bilan mashgʼul boʼlishi, eng muhimi, qoʼl mehnati asosida oʼzi nimadir yaratishi ruhiyatiga ham ijobiy taʼsir koʼrsatadi. Raqsga, sheʼr yozishga ishtiyoqi baland tarbiyalanuvchilarimiz ham bor. Biz ularning har bir mehnatini eʼtibordan chetda qoldirmasdan, mehnatlarini baholab boramiz.
– Yarmarkani kuzatib, shuni anglab yetdim, bu muassasaning tarbiyalanuvchilari ruhiyatida nuqsoni boʼlgani bilan, ularda harakat bor. Bu har kimning ham qoʼlidan kelmaydi, – deydi Toshkent pediatriya instituti Nukus filiali 3-bosqich talabasi Аyzada Bekmuratova. – Masalan, iplardan toʼqib har xil qoʼgʼirchoqlar, suvenirlarni yaratish kishidan katta qunt va mehnatni talab qiladi.
Xayriya yarmarkasiga kelgan mehmonlar oʼzlariga manzur boʼlgan mahsulotlarni xarid qildi. Muruvvat uyining xayriya qutichasiga xayr-ehsonlarini ilinishdi.
Yarmarka davomida muassasa tarbiyalanuvchilaridan iborat raqs guruhining chiqishlari ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Oʼzbekiston XDP Qoraqalpogʼiston Respublika kengashi
Аxborot xizmati.