O‘zbekiston–Janubiy Koreya strategik hamkorligi amaliy natijalar bilan boyimoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida muhim voqea bo‘ldi. Tashrif davomida siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, inson kapitalini rivojlantirish hamda mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston–Koreya alohida strategik sherikligini yanada rivojlantirish, ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlarida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ikki mamlakat o‘rtasida muhim sohalarni qamrab olgan keng ko‘lamli hujjatlar to‘plami imzolangani ham ayniqsa dolzarbdir.
Bugungi kunda Koreya Respublikasi yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, raqamli iqtisodiyot va zamonaviy sanoat sohalarida katta tajribaga ega davlatlardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston uchun esa ushbu tajribadan samarali foydalanish, texnologik yangilanish jarayonlarini tezlashtirish va inson kapitalini rivojlantirish muhim strategik vazifalardan hisoblanadi.
Shu ma’noda, tashrif doirasida sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya, innovatsiyalar va zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalariga alohida e’tibor qaratilgani e’tiborga molik. Bu jarayonlar kelgusida O‘zbekistonda yangi texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishlarni tashkil etish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va eksport imkoniyatlarini kengaytirish uchun zamin yaratishi mumkin.
Koreyada mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashuvda ham bilim, tajriba va kasbiy ko‘nikmalarni O‘zbekiston taraqqiyotiga yo‘naltirish masalasiga e’tibor qaratildi. Prezident vatandoshlarimizning xorijda egallayotgan zamonaviy bilim va tajribalari kelgusida mamlakatimiz rivojiga xizmat qilishi muhimligini ta’kidladi. Bu yondashuv inson kapitalini taraqqiyotning asosiy resursi sifatida ko‘rish tamoyilining amaliy ifodasidir.
Davlat tashrifining yana bir muhim voqeasi Seul shahrida birinchi «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» sammitining o‘tkazilganidir. Sammitda O‘zbekiston tomonidan Markaziy Osiyo va Koreya o‘rtasidagi hamkorlikni uzoq muddatli va tizimli asosda rivojlantirishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surildi.
Jumladan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, muhim minerallar sohasida hamkorlikni kuchaytirish kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratildi. O‘zbekiston tomonidan «Markaziy Osiyo – Koreya: jadal rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik» konseptual qarashini ishlab chiqish taklifi bildirilgani ham sammitning muhim natijalaridan biri bo‘ldi. Bu tashabbus mintaqa mamlakatlarining mavjud salohiyatini Koreyaning texnologiya, investitsiya va innovatsion imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.
Shokirjon Ahmedov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.