Bugun kambag‘allikni qisqartirish masalasiga munosabat tubdan o‘zgarmoqda. Endi asosiy e’tibor aholiga faqat ijtimoiy yordam ko‘rsatishga emas, balki har bir oilaning o‘z mehnati, tashabbusi va imkoniyati orqali barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga qaratilmoqda.
Prezidentimiz raisligida hududlarda aholi bandligi va daromadini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilish ana shu yo‘nalishda yangi bosqichni boshlab berdi.
Unda tadbirkorlar va aholi uchun ko‘plab yangi imkoniyat va imtiyozlar belgilandi. Bu choralar odamlarning daromadini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Ushbu imkoniyatlardan to‘g‘ri va samarali foydalanilsa, ko‘zlangan natijalarga erishish mumkin.
E’tiborli jihati shundaki, endilikda aholi bandligi va daromadini oshirish bo‘yicha asosiy mas’uliyat tuman va mahalla darajasiga tushirilmoqda. Bu esa har bir hududdagi imkoniyatni joyida aniqlab, undan samarali foydalanishni talab etadi. Hududlarda esa buning uchun imkoniyatlar bor. Masalan, davlat banklari balansidagi qariyb 10 trillion so‘mlik mol-mulkni samarali ishga tushirish orqali 40 mingtagacha ish o‘rnini tiklash mumkin.
Tadbirkorlik uchun davlat tomonidan biznes vakillari ijtimoiy mas’uliyatni bo‘yniga olishi evaziga ularga juda katta imtiyozlar taqdim etilmoqda. Xususan, ijtimoiy soliqning 6 barobarga kamaytirilishi, Qishloq joylarida ehtiyojmand oila a’zolarini ishga qabul qilgan korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 2 foizgacha tushirilgani tadbirkorlarning xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi va ularni yangi ish o‘rinlari yaratishga rag‘batlantiradi.
Tadbirkorlar uchun yer maydonlaridan foydalanish bo‘yicha ham yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, kambag‘al oilalar farzandlarini bepul o‘qitish tashabbusini o‘z zimmasiga olgan tadbirkorlarga maktab, bog‘cha va texnikumlar qurish uchun yer uchastkalari auksionga atigi 1 million so‘m boshlang‘ich narxda chiqariladi. Bu avvalo, kambag‘al oilalar farzandlarining sifatli ta’lim olish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
Fuqarolarning o‘z mahallasida, uyidan uzoqlashmagan holda daromad topishi uchun qulay sharoitlar yaratilayotgani ham e’tiborga molikdir. Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatidagi xonadonlarni rasmiy ravishda "noturar joy" toifasiga o‘tkazishdagi uzoq va ortiqcha byurokratik to‘siqlar bekor qilinmoqda. Endilikda fuqarolar faqatgina tegishli idoralarni xabardor qilgan holda, o‘z uyining birinchi qavatida sartaroshxona, go‘zallik saloni, do‘kon yoki ustaxona ochib, oilaviy biznesni yo‘lga qo‘yishlari mumkin.
Aholining o‘z mahallasida, uyidan uzoqlashmasdan turib daromad topishi uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar ayniqsa, ahamiyatlidir. Endi ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatidagi xonadondan tadbirkorlik maqsadida foydalanish uchun ortiqcha ovoragarchilik va byurokratik to‘siqlar qisqartiriladi. Fuqaro tegishli idoralarni xabardor qilgan holda o‘z uyida sartaroshxona, go‘zallik saloni, do‘kon, ustaxona yoki boshqa xizmat ko‘rsatish nuqtasini tashkil etishi mumkin bo‘ladi. Bu orqali odamlar ish izlab uzoqqa bormaydi, aksincha, o‘z mahallasida ish boshlab, yaxshi daromad topadi.
"Mahalla yettiligi" uchun ham yangi boshqaruv sharoiti yaratiladi. Boshqaruv tizimidagi tarqoqlikka barham berish maqsadida Mahalla tizimi bilan ishlash bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilgani mahalladagi ijrochilarning ortiqcha majlisbozliklardan qutilib, bor e’tibori va vaqtini kabinetda emas, mahallaga tushib, har bir oilaning haqiqiy ahvolini o‘rganishga qaratishi uchun sharoit yaratadi.
Islohotlarning haqiqiy samarasi odamlarning turmush darajasi, oilalarning daromadi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchida namoyon bo‘ladi. Belgilangan vazifalarning mahallabay va oilabay asosda to‘liq amalga oshirilishi yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini ko‘paytirish va eng muhimi, har bir oilaning o‘z mehnati bilan barqaror farovonlikka erishishi uchun mustahkam zamin yaratadi.
Anvarjon NURMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.