O‘zbekiston – Serbiya: o‘zaro ishonchning yangi darajasi
O‘zbekiston – Serbiya: o‘zaro ishonchning yangi darajasi

 

O‘zbekiston Prezidentining 7–8 sentabr kunlari Serbiya Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yangi darajaga ko‘tardi.

Tashrif davomida siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, transport va logistika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, raqamli texnologiyalar, mehnat migratsiyasi, madaniyat, turizm kabi sohalarda keng qamrovli hamkorlik kelishuvlariga erishildi.

Eng muhimi, Toshkent va Belgrad o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Mazkur hujjat O‘zbekiston–Serbiya munosabatlarini mazmun-mohiyat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilganini anglatadi. Bu, avvalo, ikki davlatning o‘zaro ishonchini mustahkamlash, uzoq muddatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va erishilgan kelishuvlarni amaliy loyihalarga aylantirish uchun mustahkam siyosiy hamda huquqiy zamin yaratadi.

Bugungi zamonda davlatlararo munosabatlarning samaradorligi ko‘p jihatdan iqtisodiy hamkorlikning amaliy natijalari bilan belgilanadi. Shu nuqtai nazardan, ikki davlat rahbarlari ishtirokida O‘zbekiston–Serbiya qo‘shma biznes-forumi o‘tkazildi. Unda ikki mamlakatning 200 dan ortiq davlat va biznes vakillari, yirik sanoat hamda savdo kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi. Forumda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish, tovarlar turini kengaytirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama ochiq muloqotlar O‘zbekiston-Serbiya munosabatlari tarixida yangi davrni boshlab berdi. Jumladan, Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish maqsadida 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan Sanoat sherikligini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi yurtimiz iqtisodiyotida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va eksport salohiyatini yanada oshirish uchun katta imkoniyat yaratsa, Erkin savdo to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni boshlash uchun ishchi guruh tuzishga kelishib olinishi O‘zbekistonning Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi transport yo‘laklaridagi ishtirokini yanada faollashtirishga, «O‘rta koridor» imkoniyatlaridan samaraliroq foydalanishga hamda tashqi savdo geografiyamizning yanada kengayishiga olib keladi.

Belgraddagi uchrashuvlar nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi davr boshlanganini ko‘rsatmoqda, shu bilan birga, O‘zbekistonning xalqaro maydonda hamma uchun ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritish prinsipida doim qat’iy ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.

 

Shokirjon Ahmedov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish