Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda dastlab deputatlar birinchi o‘qishga kiritilgan «Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi atrofida keng muhokamalar olib borishdi. Jumladan, aholining hayoti, sog‘lig‘i va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lish sohasini huquqiy tartibga solish, bu borada yagona davlat siyosatini shakllantirish masalalarida taklif-mulohazalar o‘rtaga tashlandi.
Xususan, deputat F. Sharipov tashabbuskorlardan mazkur qonun loyihasi bilan amaldagi qator qonunchilik normalariga o‘zgartirish kiritish ta’kidlangani, biroq bu haqda qonun loyihasi hujjatlarida asoslantirilgan ma’lumotlar kiritilmaganiga izoh so‘radi.
Fraksiya a’zosi I. Tursunov bu sohada samarali boshqaruv mexanizmlarini joriy etish innovatsion texnologiyalar, tajribali mutaxassislarga talabni kuchaytirishini bildirdi. Shuning uchun loyihada davlat budjetidan maqsadli mablag‘lar ajratilishini ham nazarda tutish zarurligini qayd etdi.
Fraksiyaning yana bir a’zosi U. Shermatov qonun loyihasida radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lish sohasidagi munosabatlarni buzganlik uchun ta’sirchan javobgarlik choralarini belgilash masalasiga qiziqqan bo‘lsa, deputat Z. Shadiyeva radioaktiv chiqindilarni maxsus jihozlangan omborlarga joylashtirish, uzoq muddatli nazorat qilish va texnik xizmat ko‘rsatish tartibi haqidagi savol bilan yuzlandi.
Yana bir deputatimiz Q. Qosimova mazkur qonun loyihasini amaliyotga joriy etish tashabbusi dolzarb ekanini aytib, uni konseptual jihatdan ma’qullash, ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida fraksiya a’zolari bilan hamkorlikda ishlash taklifini bildirdi.
Shuningdek, fraksiya yig‘ilishi kun tartibidan o‘rin olgan moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini belgilash, ular ustidan shikoyat qilish hamda noqonuniy undirilgan mablag‘larni qaytarishga qaratilgan loyiha deputatlar tomonidan sinchkovlik bilan muhokama qilindi.
Qonun ijodkorlarining fikricha, amaldagi qonunchilikda moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibi qonun hujjatlarida turlicha bo‘lib, huquqbuzarlikni rasmiylashtirish, qaror qabul qilish, qaror ustidan shikoyat qilish, uning ijrosini to‘xtatib turish hamda noqonuniy undirilgan mablag‘larni qaytarish bilan bog‘liq munosabatlarda yagona huquqiy yondashuv mavjud emas.
Taklif etilayotgan qonun loyihasida moliyaviy jarimalarni qo‘llashning yagona tartibi, xususan, huquqbuzarlikni rasmiylashtirishda dalolatnoma tuzish, uni imzolash, imzolash rad etilgan hollarda videoyozuv yoki xolislar ishtirokida tasdiqlash kabi jarayonlar aniq belgilanmoqda.
Shuningdek, huquqbuzarga moliyaviy jarimani ixtiyoriy ravishda yengillashtirilgan tartibda to‘lash yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilib, moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qaror ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish huquqi hamda shikoyat berilganda qaror ijrosini to‘xtatib turish kafolati mustahkamlanmoqda.
Shu bilan birga, loyihada sud tomonidan qaror bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda noqonuniy undirilgan mablag‘larni belgilangan muddatda qaytarish, shuningdek, ularni qaytarish kechiktirilgan taqdirda foiz hisoblash tartibi ko‘zda tutilmoqda.
O‘zXDP fraksiyasi a’zolari ushbu qonun loyihasi davlat idoralari vakolatli shaxslarining qonuniy qaror qabul qilish borasidagi mas’uliyatini oshirishga, jarimalar belgilashda yagona huquqiy me’yorlar amal qilinishiga xizmat qilishini ta’kidlab, loyihani umumiy mazmuniga ko‘ra ma’qullashdi. Ikkinchi o‘qishgacha fraksiya savollari va takliflari shakllantiriladigan bo‘ldi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari va partiya dasturiy g‘oyalaridan kelib chiqib, tegishli qarorlar qabul qilindi.