Insonning sha’ni, qadr-qimmati va shaxsiy hayoti daxlsizdir
Insonning sha’ni, qadr-qimmati va shaxsiy hayoti daxlsizdir

 

So‘nggi kunlarda jamiyatda ayrim mahalliy hokimliklar, mas’ul tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari aholi xonadonlariga borib, uy-joy atrofi hududlarini obodonlashtirish bilan bog‘liq turli talablarni qo‘yayotgani holatlari keng muhokama qilinmoqda.

Bunday talablar bajarilmagan taqdirda xonadonlarga «Uyatli xonadon» yozuvi tushirilgan lavhalar osib qo‘yilayotgani, ayrim mahallalarga esa «Sharmandali mahalla» kabi kamsituvchi nomlar berilayotgani haqidagi xabarlar alohida norozilik uyg‘otmoqda. Bunday amaliyot fuqarolarning haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda, chunki bu ularning sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilish, shaxsiy hayoti va uy-joyi daxlsizligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlariga daxldor.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi aholi punktlarini obodonlashtirish, tozalik va tartibni saqlash — Vatanga muhabbat, fuqarolik mas’uliyati va jamiyatning umumiy madaniyatining namoyon bo‘lishi, deb hisoblaydi. Biroq bunday tashabbuslar faqat qonunga, inson qadr-qimmatiga hurmat, ijtimoiy sheriklik, shaxsiy namuna va fuqarolarni amaliy qo‘llab-quvvatlashga asoslanishi, majburlash, omma oldida qoralash va shaxsni tahqirlashga emas, balki shu tamoyillarga tayanishi lozim.

Obod mahallalar va sarishta xonadonlarni davlat organlari o‘zlarining bevosita vazifalarini sifatli bajarmasdan turib ta’minlab bo‘lmaydi. Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, elektr energiyasi va gazning uzluksiz yetkazib berilishi, yo‘llar va muhandislik infratuzilmasining tegishli holatda bo‘lishi, maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish — davlatning mas’uliyatidir. Odamlar bunday ishlarning real natijalarini ko‘rganida, o‘z xonadonlari va atrof-hududni obodonlashtirishga intilishi tabiiy holga aylanadi.

«Bugun mamlakatimizdagi barcha islohotlar bosh konstitutsiyaviy tamoyil — “Inson, uning hayoti, huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadi”, degan prinsipga asoslanadi. Aynan shu tamoyil “Insonning sha’ni va qadr-qimmati uchun” shiori ostida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining asosini tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ushbu kafolatlarni aniq belgilab qo‘ygan. 26-moddaga muvofiq, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir va hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas. 31-modda har bir insonning shaxsiy hayoti, uy-joyi daxlsizligi va o‘zboshimchalik bilan aralashuvdan himoyalanish huquqini kafolatlaydi.

Shu sababli fuqarolarni omma oldida tahqirlash, xonadonlarga haqoratli mazmundagi lavhalarni osib qo‘yish, ma’naviy bosim o‘tkazish yoki qonunda nazarda tutilmagan choralarni qo‘llash bilan bog‘liq har qanday harakatlar yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holatdir. Ular nafaqat Konstitutsiyaga, balki mamlakatimizda amalga oshirilayotgan, insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning mohiyatiga ham ziddir.

Shaxsga, uning sha’ni va qadr-qimmatiga hurmat har bir davlat organi va har bir mansabdor shaxs faoliyatining so‘zsiz tamoyili bo‘lishi kerak. Faqat qonuniylik, o‘zaro hurmat, ishonch va ijtimoiy sheriklik odamlarni birlashtirib, mahallalarimizni haqiqatan ham obod va yashash uchun qulay maskanlarga aylantira oladi».

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi barcha davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va mansabdor shaxslarni fuqarolarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini kamsituvchi har qanday noqonuniy ta’sir usullaridan voz kechishga hamda qonun ustuvorligi, inson huquqlariga hurmat, ijtimoiy adolat va ijtimoiy sheriklik tamoyillariga qat’iy amal qilishga chaqiradi.

Inson, uning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmati demokratik huquqiy davlatning oliy qadriyati bo‘lgan va bo‘lib qoladi. Aynan shu tamoyil davlat organlari tomonidan qabul qilinadigan har bir qaror va Yangi O‘zbekistonni yanada rivojlantirish yo‘lidagi har bir qadamning asosida yotishi kerak.

 

Irina Tokareva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish