Avval xabar berilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov hududlarda o‘rganish ishlarini amalga oshirmoqda, mahallalarda uchrashuvlar o‘tkazib, aholi vakillari bilan muloqot o‘tkazmoqda.
O‘zXDP Qoraqalpog‘iston respublika kengashi mutasaddilari, deputatlar bilan birga Beruniy tumanida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati atroflicha o‘rganilmoqda. Xususan, “Rayxon Apparel” tekstil fabrikasi faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Bugungi kunda mazkur fabrikada 450 nafar xotin-qizlar ishlaydi. Fabrika ilg‘or zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. U yerda ishlab chiqarilgan tayyor trikotaj mahsulotlari xorijiy mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
U.Inoyatov korxonada ishchilar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishib, xotin-qizlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Suhbat davomida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xalq demokratik partiyasi har bir fuqaroning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi, ayniqsa xotin-qizlar bandligini ta’minlash ustuvor vazifa ekanligi ta’kidlandi.
Fraksiya rahbari ishlab chiqarish korxonalari hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratish, oilalar farovonligini oshirish va ijtimoiy barqarorlik tamoyillarini mustahkamlashda muhim ekanini qayd etdi.
U.Inoyatov, shuningdek, Xalq demokratik partiyasining Qoraqalpog‘iston respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi fraksiyasi hamda mahalliy Kengashlardagi deputatlik birlashmalari a’zolari, partiyaning hududiy tashkilotlari mutasaddilari bilan uchrashdi.
Muloqotda partiya Saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi tanqidiy tahlil qilinib, deputatlik birlashmalari faoliyatini yanada samarali olib borish, joylarda elektorat vakillarini o‘ylantirayotgan ijtimoiy masalalarni o‘rganish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Oldinda turgan muhim vazifalar haqida o‘zaro erkin muloqot asosida fikr almashildi.