Deputatlar tashabbusi bilan Xondoyliqdagi oilaviy shifokorlik punkti qayta ta’mirlandi

Xalq deputatlari Bo‘stonliq tumani Kengashidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlik guruhi tomonidan tumandagi “Xondoyliq” oilaviy shifokorlik punkti faoliyati o‘rganilgan edi. O‘rganishlar davomida muassasa binosining ichki qismi ta’mirtalab holatga kelgani, deraza romlari ma’nan eskirgani, shuningdek, ichimlik suvi va elektr ta’minoti tizimlarida ayrim kamchiliklar mavjudligi aniqlanib, mazkur muammolar deputatlik guruhi yig‘ilishida muhokama qilingan edi. So‘ngra tegishli mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga deputatlik so‘rovlari yuborildi. Shuningdek, masala doimiy komissiyada ham ko‘rib chiqildi va Xalq deputatlari Bo‘stonliq tumani Kengashi sessiyasi kun tartibiga kiritildi. Kengashning tegishli qaroriga asosan Xondoyliq oilaviy shifokorlik punktini mukammal ta’mirlash uchun tuman budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ ajratildi. Ajratilgan mablag‘lar hisobidan muassasa bugungi kunga kelib to‘liq mukammal ta’mirlanib, bemorlar hamda tibbiyot xodimlari uchun zamonaviy va qulay shart-sharoitlar yaratildi.

← Roʻyxatga qaytish