O‘zbekistonda innovatsiyalarni joriy etishning tizimli transformatsiyasi
O‘zbekistonda innovatsiyalarni joriy etishning tizimli transformatsiyasi

 

Mamlakatimiz innovatsion rivojlanishni milliy taraqqiyotning asosiy omillaridan biri sifatida belgilab, so‘nggi yillarda iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida tizimli islohotlarni amalga oshirmoqda.

Sababi ayonki, bugun dunyoda iqtisodiy taraqqiyot va milliy raqobatbardoshlik an’anaviy xomashyo resurslariga emas, balki bilim, texnologiya va intellektual mulkka asoslangan innovatsiyalarni joriy etish tezligi bilan belgilanmoqda.

Shu ma’noda, avvalo yurtimizda ta’lim sifati va qamrovini oshirish hamda rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini ta’minlash, ilmiy-innovatsion faoliyatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, mamlakatning innovatsion salohiyatini shakllantirish va yanada takomillashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha samarali mexanizmlarni ishlab chiqishga qaratilgan normativ-huquqiy asoslar ishlab chiqildi va tubdan yangilandi.

Xususan, 10 ga yaqin qonun, 50 ga yaqin O‘zbekiston Respublikasi Prezident farmonlari va qarorlari, 36 ta Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi.

Jumladan, 2020-yil 24-iyulda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi qonuni innovatsion jarayonlarning yagona huquqiy bazasini belgilaydi. Ushbu qonun taraqqiyotimizni yanada jadallashtiruvchi yangi g‘oya, yangi kashfiyotlar, ilmiy ishlanmalarni yaratish hamda hayotga joriy etilishining ishonchli huquqiy mexanizmlarini o‘zida aks ettiradi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari bilan 2019 — 2021-yillarda hamda 2022-2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlantirish strategiyalari, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi, 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi.

Bundan tashqari, ilm-fan va innovatsiyalarni davlat byudjetidan moliyalashtirish 1,5 trln so‘mdan oshdi, yosh olimlar soni 6,5 ming nafardan 11 ming nafargacha yetdi, innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 30 ga yaqin institut tashkil etildi, 28 ta tuman va shahar innovatsion hudud deb e’lon qilindi.

2018-yildan boshlab har yili o‘tkazilayotgan Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi — “Innoweek.uz” xorijiy innovatsion va ilmiy markazlar, investitsion fondlar, texnologik agentliklar, texnoparklar va biznes-inkubatorlarni bir maqsad yo‘lida jamlovchi innovatsion texnologiyalar platformasiga aylanmoqda.

Ushbu amalga oshirilgan strategik islohotlar natijasida O‘zbekistonning xalqaro innovatsion maydondagi intellektual va texnologik mavqei Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan e’lon qilinadigan Global innovatsion indeks (GII) hisobotlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 2025 yilgi global hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston 139 ta davlat ichida 79 o‘rinni egallab, 2020-yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 14 pog‘onaga, 2015 yilgi ko‘rsatgichga nisbatan 43 pog‘onaga yuqoriladi va Markaziy Osiyo mintaqasining innovatsion yetakchisi sifatida tan olindi.

Butunjahon intellektual mulk tashkiloti hisobotida O‘zbekiston “barqaror rivojlanayotgan innovatsiyalarga asoslangan iqtisodiyot” sifatida ta’riflangan. Albatta, mazkur baholar mamlakatda ilm-fan, ta’lim va raqamli iqtisodiyot sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning bevosita natijasidir.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerak, mamlakatimizdagi ko‘plab sohalar o‘z faoliyatini innovatsion g‘oyalarga tayangan holda faoliyat olib bormoqda. Birgina misol, eng katta sohalardan biri qishloq xo‘jaligida suv resurslari taqchilligi keskinlashayotgan sharoitda jadallik bilan suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari joriy etilmoqda. Raqamlarga e’tibor bersak, 2019-yilda suv tejovchi texnologiyalar umumiy maydoni atigi 75 ming gektarni yoki umumiy sug‘oriladigan yerlarning 1,7 foiz qismini tashkil etgan bo‘lsa-da, tizimli subsidiyalar va elektr energiyasi bo‘yicha preferensiyalar orqali bu ko‘rsatkich million gektardan oshdi.

Yoxud tibbiyot muassasalarida yagona raqamli infratuzilma yaratilib, 2024-2025-yillar mobaynida 3 mingdan ortiq tibbiyot muassasasida lokal tarmoqlar shakllantirildi. Ayni paytda respublika bo‘ylab tibbiy muassasalarda 2 ming 500 nafardan ortiq yangi IT-operator hamshiralar faoliyat yuritmoqda.

Umuman olganda, sohalarda innovatsiyalarni joriy etish siyosati institutsional shakllanish bosqichidan faol iqtisodiy va amaliy transformatsiya bosqichiga o‘tmoqda. Global innovatsion indeksdagi ijobiy natijalar va startap ekotizimiga venchur kapitali oqimining besh barobarga ko‘payishi milliy innovatsion salohiyatning oshganidan dalolat beradi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish