Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.
Dastlab axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi besh yillikda kiberjinoyatlar 68 baravarga ko‘paygan. Ushbu davrda kibermakondagi huquqbuzarliklar yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlar soni 34 baravar oshib, bunday jinoyatlar umumiy jinoyatlarning 50 foizini tashkil etmoqda.
Qonun ijodkorlari amaldagi qonunchilikda bu sohani kompleks tartibga soluvchi, mas’ul organlarning vazifa va vakolatlarini aniq belgilovchi, shaxs va jamiyatning kibermakondagi huquq hamda manfaatlarini himoyalovchi qonun mavjud emasligini aytishdi.
Fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov ushbu yo‘nalishdagi qonun hujjatlarini har tomonlama sifatli tayyorlashda xorijiy tajribani o‘rganish masalasiga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.
Deputat Sayyora Imomovaga ko‘ra, hozirgi kunda internet tarmoqlarida yoshlarning turli jinoyat yo‘llariga kirib ketish holatlari keng tarqalmoqda, mazkur qonun loyihasida bunday holatlarni nazorat qilish bo‘yicha aniq mexanizmlarni nazarda tutish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Shuningdek, yig‘ilishda harbiylar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish, ularni pensiya bilan ta’minlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda tahlil qilindi.
Deputat Firdavs Sharipovning fikricha, yuridik yo‘nalishlarda o‘qigan ichki ishlar xodimlarining o‘qish davri ham mehnat stajiga qo‘shilishi kerak. Aks holda, ichki ishlar xodimlarining pensiyaga chiqish muddatlari yanada uzoqlashib ketadi.
Muhokamalarda har bir qonun loyihasi konseptual jihatdan tahlil qilinib, ularda partiya elektorati manfaatlari qay darajada himoya qilinayotganiga, dasturiy maqsadlari qanchalik aks etayotganiga e’tibor qaratildi.
Yakunda fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.