Xalq deputatlari Termiz tuman Kengashi deputati G. Shafoatova tomonidan “Yangi hayot” mahallasida amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari ijrosi o‘rganildi. O‘rganish jarayonida hududda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari va ularning samaradorligiga alohida e’tibor qaratildi.
Mahallada elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 12 kilometr tarmoq tortish ishlari boshlangan bo‘lib, yangi beton ustunlar o‘rnatilib, sim tortish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, hududga 2 ta yangi transformator(TP) o‘rnatildi.
Bundan tashqari, mahalladagi 14,1 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llarni asfaltlash rejalashtirilgan. Mazkur ishlar suv tarmoqlari to‘liq yotqizilgandan so‘ng boshlanishi belgilangan. Aholi uchun muhim bo‘lgan yangi ko‘prik qurilishi esa yakuniy bosqichga yetgan.
Loyihalar to‘liq amalga oshirilgach, mahallada elektr ta’minoti barqarorlashadi, transport qatnovi yaxshilanadi hamda aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.