O‘zbekiston XDP Toshkent viloyati kengashi tashabbusi bilan Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabalari ishtirokida “Siyosatdagi yoshlar” intellektual turniri tashkil etildi.
Mazkur tadbir yoshlar o‘rtasida intellektual salohiyatni oshirish, ularning siyosiy bilimlarini mustahkamlash va tafakkur doirasini kengaytirish, shuningdek, jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston XDP Toshkent viloyati kengashining mas’ul xodimlari, universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Turnirda jami 6 ta jamoa ishtirok etib, ular turli sohalarga oid savollar asosida o‘zaro bellashishdi. Qatnashchilar mantiqiy fikrlash, tezkor qaror qabul qilish va jamoaviy hamjihatlikni namoyon etgan holda qizg‘in bahs olib borishdi.
Tadbir yakunida eng faol va bilimdon jamoalar aniqlanib, ularga partiya tomonidan diplomlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.