Ijtimoiy himoya tizimidagi elektron murojaatlar holati tahlil qilindi

 

Xalq demokratik partiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan kam ta’minlangan oilalarni aniqlash mexanizmlarining amaldagi holati, ijtimoiy nafaqalarni tayinlashda elektron tizimlardan foydalanish samaradorligiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.

Tadbirni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘mita raisi Berdibek Seytnazarov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi rahbari Halilla Yeshimbetov so‘zga chiqib, jamoatchilik eshituvining asosiy maqsad va vazifalariga hamda shahar va tumanlarda faoliyat yuritayotgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida olib borilgan o‘rganishlar natijalariga alohida to‘xtaldi.

Hozirgi kunda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan 115 turdagi xizmatlar ko‘rsatilib kelinmoqda. Hududda 54 237 fuqaro Ijtimoiy reyestrga kiritilgan, 70 ming nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatga olinib, ijtimoiy xizmatlardan foydalanib kelmoqdalar.

Ma’lumotlarga qaraganda, 2025-yil davomida kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash uchun taqdim etilgan jami 237 332 arizalar belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilishi ta’minlangan.

Fuqarolar tomonidan bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun masofadan elektron shaklda ariza bilan murojaat qilish joriy etilishi natijasida, vaqt va mablag‘larning tejalishiga, inson omilisiz nafaqa tayinlanishi bo‘yicha ishonchning ortishiga erishildi.

Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash jarayonining avtomatlashtirilishi natijasida inson omili ishtiroki keskin kamaygan. Elektron tizimdan foydalana olmaydigan toifadagi oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash bo‘yicha mahallalarda xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodimlar tomonidan arizalarini planshet orqali elektron qabul qilish tashkil qilingan.

Joylardagi o‘rganish jarayonlarida mana shu yo‘nalishdagi ishlarni samarali olib borish haqida murojaatlar tushdi. Ayniqsa, axborot almashish infratuzilmasi rivojlanmagan hududlarda ehtiyojmand oilalar bilan bevosita muloqot asosida ishlash juda muhim.

Jamoatchilik eshituvi tadbirida murojaatlar qanday shaklda va tartibda berilishidan qat’iy nazar, tezkor ravishda manzilli ko‘rib chiqilishi lozimligi ta’kidlandi. Xalq demokratik partiyasi deputatlari deputatlik nazoratini amalga oshirishda mana shu prinsipga suyanishi bildirildi.

Fuqarolarning arizalariga asosan bolalar nafaqasi va moddiy yordam uchun elektron shaklda ariza topshirishda byurokratik to‘siqlar kamaydi, ya’ni qog‘ozbozlik yo‘q bo‘ldi. Shuningdek, bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash bo‘yicha qaror qabul qilish muddati kamaydi. Albatta, bu borada hududlardagi mutasaddi xodimlar katta mas’uliyat va faollik bilan ishlashi talab etiladi.

Eshituvda yana bir muhim masalaga e’tibor qaratildi. Bu – Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqarmasi bilan birga partiyamiz elektorati vakillarining huquqiy va axborot texnologiyalaridan xabardorligini oshirib borish masalasidir. Hozir uydan chiqmasdan yoki ishidan, mashg‘ulotidan uzilmasdan, yo‘llarga chiqib, ovora bo‘lmasdan, elektron platformalar orqali murojaat yo‘llash va masalalarni hal qilish mumkin, qulayliklar ko‘p. Lekin o‘rganishlarda aholimiz bu yangiliklardan uncha xabardor emasligini ko‘rsatdi. Xabardorlikni, ilg‘or tajribalarga intilishni hamkorlikda kuchaytirishga kelishib olindi. Chunki partiyamiz elektorati manfaatlari himoyasi uchun bu muhim masaladir.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati Bizning deputat Fuqarolar murojaati Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish