O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi bir qator muhim qonun loyihalarini muhokamadan o‘tkazdi. Loyihalarda qonun ustuvorligini mustahkamlash, iqtisodiyotni rivojlantirish, xavfsizlikni ta’minlash va fuqarolar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normalar nazarda tutilgan.
Kun tartibiga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Deputat J.Achilovning fikricha, ma’muriy jazolar qo‘llanilishida adolat va mutanosiblik tamoyillari saqlanishi muhim. Ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish bilan birga, fuqarolarning huquq va manfaatlari ham to‘liq himoya qilinishi kerak. Shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
«Xavfli ishlab chiqarish obyektlari va potensial xavfli obyektlarning sanoat xavfsizligi to‘g‘risida» qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Deputat Q.Qosimova mazkur qonun loyihasi ishlab chiqarish jarayonlarida inson hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, atrof-muhit xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Xavfli ishlab chiqarish obyektlari faoliyati ustidan davlat nazoratini kuchaytirish va ishchilar xavfsizligini ta’minlash masalasi partiya fraksiyasi uchun doimo ustuvor ekanini bildirdi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi ushbu qonun loyihalarini ko‘rib chiqish jarayonida ijtimoiy adolat, fuqarolar huquqlari, shaffoflik va jamoatchilik manfaatlari ustuvor bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Fraksiya deputatlari ayrim normalarni yanada takomillashtirish, aholi manfaatlarini kuchliroq himoya qilish va ijtimoiy kafolatlarni mustahkamlash bo‘yicha o‘z taklif-mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, yig‘ilishda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasida kreativ iqtisodiyot subyektlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, ular uchun qulay tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy sharoitlar yaratish nazarda tutilgan.
Muhokama jarayonida deputatlar qator savol va takliflar bildirdilar. Xususan, deputat Sayyora Imomova qonun loyihasida ayrim xorijiy kontragentlarga soliq imtiyozlari berilishiga oid normalar yuzasidan fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, milliy madaniyat va qadriyatlarni targ‘ib etishda mahalliy mutaxassislar imkoniyatlaridan kengroq foydalanish muhim.
Qonun tashabbuskorlari mazkur norma xorijiy mutaxassislarga ustuvorlik berishni anglatmasligini ta’kidladi. Izohlanishicha, ayrim hollarda zamonaviy texnologiya va tajribalarni jalb etish maqsadida xorijiy mutaxassislar ishtirokida loyihalar amalga oshirilishi mumkin. Shu bilan birga, bunday imtiyozlar ikki tomonlama soliqqa tortish holatlarining oldini olishga ham xizmat qiladi.
Yig‘ilishda yana bir qator masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Xususan, fraksiya a’zosi Shokirjon Ahmedov davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlar yuzasidan asoslantirishlar yetarli darajada keltirilmaganiga e’tibor qaratdi. U bunday normalar qabul qilingan taqdirda, ularning aniq mezonlari va cheklovlarini belgilash zarurligini ta’kidladi.
Muhokamalar davomida qonun tashabbuskorlari loyihadagi mavjud ayrim texnik xatoliklarni ishchi guruh doirasida bartaraf etishlarini ma’lum qildilar.
Fraksiya a’zosi Sharofiddin Nazarov mazkur masala yuzasidan fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, madaniyat va san’at sohasiga oid ayrim xalqaro tadbirlarni tashkil etishda to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish amaliyoti avval ham mavjud bo‘lgan. Va bu kabi tadbirlarda faqat narx mezoniga asoslangan ochiq tanlov har doim ham samarali natija bermasligi mumkin.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.
Partiya fraksiyasi qabul qilinayotgan har bir qonun avvalo xalq manfaatiga xizmat qilishi, ijtimoiy tenglik va adolatni ta’minlashi kerak, degan qat’iy pozitsiyani doim himoya qiladi.