Qonun loyihalari tortishuvlar asosida ma’qullandi

 

Bugun qonunchilik tashabbuslari soni ortib bormoqda. Bu islohotlarning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash uchun muhim. Biroq qonunlar avvalo haq manfaatlariga xizmat qilishi lozim. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida qonun loyihalari muhokamasida ana shu prinsipial jihatga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi qonun loyihasi rivojlanish, zamonaviy yondashuvlarni o‘z ichiga olganligi ta’kidlandi. Loyihaga ko‘ra, mamlakatimizda sport sohasini yanada takomillashtirish, sohaga yangicha innovatsion yondashuvlarni joriy qilish nazarda tutilgan. Shu bilan birga, mamlakatimizda sport sohasining ayrim huquqiy bo‘shliqlari o‘rnini to‘ldirish ham maqsad qilib olingan.

Deputat Anvarxon Temirovning fikriga ko‘ra, agar qonun loyihasi sport inshootlarining shaharlarda jamlanib qolishiga, pulli xizmatlarning ustun bo‘lishiga to‘sqinlik qilmasa, u ijtimoiy qonun emasdir. Biz sportni sog‘lom turmush tarzi, deb e’lon qilamiz, ammo uni barcha uchun teng qila olmasak, bu shiordan nariga o‘tmaydi, deb ta’kidladi deputat.

Loyiha fraksiya a’zolari fikr-mulohazalari asosida dastlabki tarzda ma’qullandi.

«O‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi qonunchilikning Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash bo‘yicha bitimiga muvofiqlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi alohida muhokamalarga sabab bo‘ldi. Unga ko‘ra, o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti talablariga moslashtirish nazarda tutilgan.

Deputat Shokirjon Ahmedovning fikriga ko‘ra, yangi talablar fuqarolar va xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida qiyinchilik yoki murakkabliklar tug‘dirmasligi kerak, shuning uchun u amalga oshirishga har tomonlama qulay bo‘lishi zarur.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi qonun loyihalarini birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi. Fraksiyamiz davlatning ijtimoiy mas’uliyati va xalq manfaatlarini himoya qilishda davom etadi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish