Inklyuziv ta’lim: muammolar tahlil qilindi

 

Bugun dunyoda kechayotgan shiddatli globallashuv jarayonida inklyuzivlik davr talabiga aylanib ulgurdi. Shu sababdan dunyo leksikonida “inklyuziv jamiyat”, “inklyuziv ta’lim” iboralari tobora chuqurroq singib bormoqda.

Keyingi yillarda yurtimizda ham inklyuziv jamiyat yaratishga, ta’lim sohasida inklyuzivlikni oshirishga qaratilgan strategiyalar, keng qamrovli dasturlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mamlakatimiz siyosiy maydonida ijtimoiy adolat, hamma uchun teng imkoniyatlar yaratilishi uchun kurash olib borayotgan siyosiy kuch sifatida jamiyatda ham, ta’limda ham inklyuzivlik yuqori darajada bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Partiya Saylovoldi dasturida ham bu masala alohida qayd etilgan.

Shuning uchun Xalq demokratik partiyasi mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni hududlar kesimida o‘rganib, doimiy tahlil qilib boradi va aniqlangan muammolar bo‘yicha muhokamalar o‘tkazadi, takliflar ishlab chiqadi.

Bugun ham partiya Markaziy Kengashi tomonidan poytaxtimizda “Inklyuziv ta’lim tizimidagi muammo va takliflar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, bugun yurtimizda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus maktablarda 20,5 ming nafar, umumta’lim maktablarida 75 ming nafar bola ta’lim olmoqda.

Joriy yil yakuniga qadar qo‘shimcha 9,5 ming nafar nogironligi bo‘lgan bolani oddiy sinflarga, 2 mingga yaqinini esa inklyuziv sinflarga jalb etish orqali qamrovni 82 foiz ga yetkazish rejalashtirilgan.

2 023 ta maktabda 3 483 ta inklyuziv sinflar tashkil etilgan bo‘lib, ularda 4 509 nafar nogironligi bor bolalar ta’lim olmoqda.

Muloqot davomida sohada mavjud muammolarga e’tibor qaratildi. O‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, inklyuziv ta’lim joriy etilgan maktablarning ko‘pchiligida nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakat qilishi uchun “to‘siqsiz muhit” yaratish hamda inklyuziv ta’limga jalb etilgan bolalar qo‘shimcha shug‘ullanishi uchun korreksion xonalarni jihozlash ishlariga mahalliy hokimliklar tomonidan yetarli darajada e’tibor qaratilmayapti.

Bundan tashqari, inklyuziv ta’lim va mehrli maktab faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limining tuman va shaharlarda mas’ul xodimi yo‘qligi muammolarga sabab bo‘lmoqda. Bu esa inklyuziv ta’lim joriy etilgan maktablar faoliyatini yanada samarali tashkil qilish, pedagoglar, o‘quvchilar yoki ota-onalarda yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va hal qilishda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Munozara tarzidagi muloqotda mutasaddi vazirlik-idoralar mas’ullari yuzaga kelayotgan, yechimini kutayotgan muammolarni hal etish, tezkor va ta’sirchan choralar ishlab chiqish bo‘yicha fikr almashishdi.

Inklyuziv sinflarda ta’lim olgan bolalar tez rivojlanadi, fanlarni yaxshi o‘zlashtiradi, jamiyatga, ijtimoiy hayotga moslashishda kamroq qiyinchiliklarga duch keladi. Shuning uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, ayniqsa, hududlarda bu borada deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish dolzarb ahamiyatga ega. Xalq demokratik partiyasi hududlarda inklyuziv ta’lim bilan bog‘liqni masalalarni o‘rganib, sessiyalar muhokamasiga olib chiqishni, joylarda ijro hokimiyatining, mutasaddi idoralarning mas’uliyatini kuchaytirishni davom ettirishi ma’lum qilindi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish