Xalqaro forum: real natijalar muhim
Xalqaro forum: real natijalar muhim

 

Namangan shahrida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha 30 dan ortiq nufuzli tashkilot va 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar ishtirokida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” III xalqaro forumi o‘tmoqda.

Ushbu forum nafaqat O‘zbekiston uchun, balki mintaqaviy hamda xalqaro miqyosdagi ijtimoiy-iqtisodiy, insonparvarlik va tashqi hamkorlik jihatidan katta ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz insoniyat oqibatini oldindan aytib bo‘lmaydigan o‘ta keskin va murakkab davrni boshidan kechirayotganini qayd etdi. Dunyoda geosiyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy beqarorlik tobora ortib bormoqda. Yer yuzida kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlari, suv tanqisligi va pandemiyalar tufayli og‘ir va mashaqqatli sinovlar paydo bo‘lmoqda.

2015-yildan buyon global iqtisodiy o‘sish sur’ati o‘rtacha 3 foizni tashkil etib, oldingi o‘n yillikka nisbatan sekinlashdi. Oqibatda, agar besh yil oldin dunyoda 650 million aholi kambag‘allikda yashagan bo‘lsa, bugun ularning soni 800 milliondan oshdi.

Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va nufuzli moliya institutlari bilan faol ishlanmoqda. Bu borada Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikdagi qishloqlarda yashash sharoitini yaxshilash, yo‘l qurilishi, tibbiyot va ta’lim xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha 5 milliard dollarlik loyihalar alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Forumda aholi, ayniqsa, kam ta’minlangan oilalar va qishloq joylarda yashovchilarning hayotini yaxshilash, ularga teng imkoniyatlar yaratish kabi jarayonlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Inson huquqlari, tibbiy va ijtimoiy xizmatlarga har bir shaxsning teng yetishishi muhim masalalardan biridir.

O‘zbekistonning ijtimoiy siyosati xalqaro miqyosda e’tirof qilinishi, donor va xalqaro tashkilotlar bilan investitsiyalar va loyihalarni birgalikda amalga oshirish imkoniyati yildan yilga ortib bormoqda.

Infratuzilma, transport va raqamli yechimlarning ahamiyatini yanada oshirish, masofadan ta’lim, internet aloqasi kabi xizmatlar kam ta’minlangan aholiga juda muhim.

Hududiy farqni inobatga olish, shahar va qishloq, tog‘-toshli hududlarda yashovchi aholi sharoiti bir xil emas, shuning uchun mahalliy xususiyatlar asosida loyihalarni moslashtirish zarur.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” forumi — bu birgalikda hal etiladigan vazifalarning ancha keng hajmda qabul qilinishi va amalga oshirilishi uchun muhim platforma. Ammo muhimi — forumda belgilangan g‘oyalar va qarorlar faqat so‘zda qolmasligi, real hayotda xalq turmushiga ta’sir qilishi zarur.

 

Shokirjon AHMEDOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish