Korrupsiyasiz jamiyat sari
Korrupsiyasiz jamiyat sari

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzasi fraksiyamiz yig‘ilishida ham atroflicha muhokama etildi.

Avvalo ta’kidlash kerakki, ushbu milliy ma’ruza haqidagi axborot 2024-yilda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligini ko‘rsatmoqda.

Keyingi yillarda korrupsion omillarning oldini olishga qaratilgan davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida inson omili qisqarib, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 710 taga yetgan. Bu esa pensiya tayinlash uchun ariza berish, tibbiy ma’lumotnoma olish, kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashga ariza berish, nafaqa tayinlash, talabalar uchun ta’lim krediti olish kabi xizmatlarning elektron shaklga o‘tkazilishi byurokratiya va korrupsiya omillarini kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlari O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining ustuvor dasturiy maqsadlari, xususan, davlatning fuqarolar oldida mas’ulligi, ularning huquqlar va imkoniyatlari tengligini ta’minlashda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Bu borada amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda ushbu sohada to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar va e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar ham mavjud.

Jumladan, manfaatlar to‘qnashuvi, davlat xaridlari, davlat organlarining ochiqligi hamda budjet mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlar to‘liq bartaraf etilmayapti.

Joriy yilning 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida korrupsiyaning oldini olish borasidagi ishlar natijadorligi muhokama qilinib, ustuvor vazifalar belgilab berildi.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi Agentlikka:

– hududlarda aholini qiynab kelayotgan maishiy va tizimli korrupsiyaviy muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan choralar ishlab chiqish va takliflar kiritib borish;

– sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qilishi hamda ushbu jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlari bilan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni belgilash ishlarini kuchaytirish;

– O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyani qabul qilish ishlarini yakuniga yetkazish choralarini ko‘rishni tavsiya etdi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 17.9.2025, №37

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish