Buxoroda 5 ishchining halok bo‘lgani yuzasidan parlamentdagi deputatimiz Shokirjon Ahmedov munosabat bildirdi
Buxoroda 5 ishchining halok bo‘lgani yuzasidan parlamentdagi deputatimiz Shokirjon Ahmedov munosabat bildirdi

 

Buxoro viloyati Buxoro tumanida qurilishda ishlayotgan 5 nafar kishining ehtiyotsizlik oqibatidagi fojiali vafoti haqidagi xabar, o‘ylaymanki, nafaqat meni, balki ko‘pchilikni chuqur ranjitdi.

Vafot etganlarni yaqinlariga hamdardlik bildiraman.

Xabarlarga ko‘ra, xususiy qurilish korxonasi ishchilari ruxsat olmasdan, kanalizatsiya qopqog‘ini ochgan va quvurga tushgan. Kuchli oqim oqibatida quvur ichiga oqib ketgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ayanchli, fojiali voqea mamlakatimizda tobora dolzarb bo‘lib borayotgan bir masalani yana kun tartibiga chiqardi. Bu – qurilishlarda ishlayotgan ishchilarning huquqlari, mehnati muhofazasi haqidagi masala.

Bugun yurtimizda ko‘plab qurilishlar bo‘lyapti, bu yaxshi. Lekin ming-minglab yigitlar xususiy qurilish kompaniyalarida norasmiy ishlab yuribdi, huquqsiz, himoyasiz ishlab yuribdi.

Bu masala bir necha marta hukumat darajasida ko‘tarilgan, ularning mehnatini rasmiylashtirish, huquqlarini himoya qilish vazifalari belgilangan. Ammo ijro, nazorat sust.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining eng prinsipial funksiyalaridan biri mehnat huquqini ta’minlash, mehnatni, ya’ni, ishlayotgan insonni muhofaza qilish hisoblanadi. Afsuski, ular hozir dolzarb bo‘lgan ushbu masala bilan astoydil shug‘ullanayotganini ko‘rmayapmiz. Insonni himoya qilish masalasida bu vazirlik o‘zining borligini ko‘rsatishi uchun yana qancha vaqt kerak?

Birinchi masala daromadga muhtoj fuqarolarni norasmiy ishlatayotgan, huquqlarini hisobga olmayotgan, qonunlarga rioya etmayotgan tadbirkorlar, tashkilotlarga nima uchun ta’sirchan chora ko‘rilmayapti?

Kecha Buxoroda halok bo‘lgan 5 yurtdoshimizni farzandlari endi ishlab oilasiga yordam bera olmaydi. Bolalari qarovsiz, himoyasiz qoladimi? Ularning ishlayotgani rasmiylashtirilganmidi? Rasmiy bo‘lsa, vafot etganlarning oilasiga kompensatsiya to‘lanadimi? Ular kimningdir farzandi, otasi, akasi, yagona umidi bo‘lgandir!

Mutasaddi idoralar bu masalalarga jiddiy qarab, vafot etganlarni, ularning oilasini va albatta, yurtimizda norasmiy ishlayotgan ming-minglab yurtdoshlarimiz huquqlarini himoya qilish choralarini ko‘rishi zarur.

Xalq demokratik partiyasining fraksiyasi deputatlari norasmiy ishlashga majbur bo‘layotgan, faqat qurilishda emas, barcha sohalarda himoyaga muhtoj bo‘lib turgan insonlarning huquqlarini muhofaza qilish zarur, deb hisoblaydi. Biz bu masalani parlament muhokamasiga olib chiqamiz.

 

Shokirjon Ahmedov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish