Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari, partiya Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov boshchiligida deputatlar, partiya mas’ul hodimlari va soha ekspertlaridan iborat ishchi guruh islohotlarning hududlardagi natijadorligini ko‘rish, aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyatiga nazar tashlash, ijtimoiy soha vakillari bilan yuzma-yuz muloqot qilib, muammoli masalalarni hal qilish, takliflarni olish maqsadida Navoiy viloyatida o‘rganishlar o‘tkazyapdi.
Ishchi guruh dastavval, Ijtimoiy himoya milliy markazi Navoiy viloyat boshqarmasida bo‘lishdi.
U yerda amalga oshirilayotgan ishlar holati tanqidiy-tahliliy o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Keyin viloyat yuqmli kasalliklar shifoxonasidagi mavjud vaziyat bilan tanishildi. U yerda shifokorlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, aniqlangan kamchiliklar haqida ularning fikr-mulohazalari, taklif-tashabbuslari tinglandi.
Shundan so‘ng, ishchi guruh vakillari yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari qanday olib borilayotganini ko‘rish uchun maktablarda bo‘lishdi. Jumladan, Navoiy shahar 1-son maktabida boshlang‘ich sinflar uchun mo‘ljallangan sinfxonalar holati ko‘zdan kechirildi. Masʼullar maktab yangi o‘quv yiliga to‘liq shay holatda ekanligiga amin bo‘lishdi.
Maʼlumot uchun, mazkur maktabda bugungi kunda 2600 nafarda ortiq bolalar taʼlim olmoqda. Bu yilgi maktab bitiruvchilarining 60 foizi oliy taʼlim dargohlariga o‘qishga qabul qilingan.
O‘rganishlar ko‘rsatmoqdaki, natijalar ko‘p, lekin echimini kutayotgan masalalar ham yo‘q emas. Asosiy masala aniqlangan muammolarga tizimli yechim topish. Shu maqsadda deputatlar, partiyamiz mas’ul xodimlari, soha ekspertlari bilan o‘rganish natijalarini umumlashtirib tahlil qilib bormoqda.