Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Fraksiya a’zolari diqqat markazida bo‘lgan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi alohida muhokama qilindi.
Qonun loyihasida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarni himoya qilish, ularga sifatli va tezkor ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.
Xususan, Fuqarolik protsessual kodeksiga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha sud tomonidan ko‘rib chiqiladigan ishlarda majburiy tartibda prokurorning ishtirokini ta’minlash bilan bog‘liq qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, birlamchi ko‘mak xonalariga yoki Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hududiy markazlariga joylashtirilgan xotin-qizlar uchun bank kartasini tiklash soddalashtirilyapti.
Loyihaning himoyaga qaratilgan maqsadi Xalq demokratik partiyasining dasturiy vazifalariga mos kelishi qayd etilib, ba’zi aniqlashtiruvchi savollar o‘rtaga tashlandi. Ushbu savollarga mutasaddilar tomonidan batafsil javoblar berildi. Shundan so‘ng qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala — O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘ldi. Ushbu qonun loyihasi bilan mehnat munosabatlaridagi huquqiy kafolatlar, mehnat muhofazasi va ishchilarning manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan normalar nazarda tutilgan.
Deputat Dilbar Mamadjanova qonun loyihasida ish vaqtidan tashqari mehnatning chegaralangan miqdori, qo‘shimcha mehnat uchun haq to‘lash miqdorlari bo‘yicha ko‘tarilgan savollarga ikkinchi o‘qishgacha qanday oydinlik kiritilganini so‘radi.
Mas’ullar normalarning ishchi-xodimlar manfaatlari, qonuniy haq-huquqlariga zid emasligini huquqiy asoslab berganidan so‘ng, fraksiya a’zolari tomonidan loyiha ma’qullandi.