Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda fraksiya a’zolarining saylovchilar bilan uchrashuvlari yakunlari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning 28–31-may kunlari deputatlar saylov okruglarida saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Mazkur jarayonda fraksiya a’zolari 100 dan ortiq xonadonga tashrif buyurib, aholi bilan muloqotlar olib borishdi.
Uchrashuvlarda Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, partiyaning dasturida ilgari surilgan muhim tashabbuslar ijrosiga ham e’tibor qaratildi.
Shuningdek, fraksiya a’zolari partiyaning elektorati manfaatidan kelib chiqib, hududlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning qulay va to‘siqlarsiz harakatlanishi uchun yaratilgan sharoitlarni ham o‘rganishdi. Xususan, Nukus, Andijon shaharlari, Paxtakor, Mirzacho‘l, Denov, Qarshi, Kasbi, Chilonzor, Yunusobod, Olmaliq, Angren, Toshkent tumanlari tahlil qilindi.
Qayd etilganidek, uchrashuvlarda uy-joy, kommunal, bandlik, ta’lim, pensiya va nafaqa ta’minoti, sog‘liqni saqlash, transport, yo‘l qurilishiga oid yechimini kutayotgan masalalar ham o‘rtaga tashlangan. Ushbu masalalarning yechimi esa nazoratga olingan.
Yig‘ilishda saylovchilar bilan ishlashni yanada yaxshilashga qaratilgan bir qator takliflar berildi va ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.