
2025-yil mamlakatimizda ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishda hal qiluvchi yil bo‘lishi, buning uchun 1,5 mln aholi doimiy ishga joylashtirilib, 2 milliondan ziyod hamyurtimiz istiqbolli biznesga jalb etilishi, 60 ta tuman va shahar kambag‘allik hamda ishsizlikdan xoli hududga aylantirilishi belgilangan.
Mana shunday aniq marrani ko‘zlagan holda amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar xalqimizning turmush tarzida, hududlarimizning zamonaviy qiyofasida, har bir jabhada ro‘y berayotgan yangi o‘zgarishlarda zuhur etmoqda. Ayniqsa, joylarda sanoatni rivojlantirish, bu sohada tadbirkorlar ulushini oshirish, kichik ishlab chiqarishlarni rag‘batlantirish aholi uchun muqim daromadli ish joylarini yaratish sur’atini jadallashtiryapti. Shuning barobarida ichki va tashqi bozorga import o‘rnini bosuvchi, xaridorgir mahsulotlar yetkazish qamrovini oshirmoqda. Xususan, 2025-yilning dastlabki to‘rt oyida yurtimizda sanoat 6,3 foizga o‘sib, 290 trillion so‘mga yetgan. Eksport 20 foizga ortib, 6 milliard 350 million dollarni tashkil etgan.
Lekin dunyodagi hozirgi murakkab vaziyat, transport-logistikadagi uzilishlar sharoitida muhim ahamiyatga ega sohalarni himoyalash choralarini ko‘rish ayni zarurat bo‘lib turibdi. Mamlakatimizda bunday sohalarga to‘qimachilikni, qurilish materiallari ishlab chiqarish va mebelsozlikni kiritish mumkin. Binobarin, ushbu sohalarda hozirda 1 millionga yaqin aholi ishlamoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 may kuni mahalliy sanoatni rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida shu nuqtai nazardan dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tuman va tarmoqlar kesimida mavjud kamchiliklar tahlil etildi.
Bilamizki, mahalliy sanoatning eng katta tarmoqlaridan biri – to‘qimachilik. So‘nggi yillarda yurtimiz tadbirkorlari bu yo‘nalishni yaxshi o‘zlashtirdi. Statistikaga ko‘ra, aynan to‘qimachilikda 7 mingga yaqin tadbirkor 500 dan ziyod turdagi mahsulotlarni chiqaryapti. Ayrimlari nufuzli brendlarga kiyim-kechak yetkazib bermoqda.
Yig‘ilishda ushbu tarmoqda ko‘pchilik sifatga ishlayotgani bilan, natijasi amalda ko‘rinmayotgani tanqid qilindi. Aytib o‘tilganidek, hozirgacha tarmoq korxonalarining faqat 244 tasida xalqaro sertifikat bor, xolos. Ularning ham katta qismi Toshkent va vodiy viloyatlarida bo‘lib, boshqa hududlarda barmoq bilan sanarli.
Prezidentning tegishli farmoniga ko‘ra, to‘qimachilik korxonalarining nafaqat xalqaro sertifikat olishi, balki bunga moslashtirish xarajati ham qoplab beriladi. Bundan foydalanish zaruratini va imkoniyatlarini tadbirkorlarga yetkazish, har bir viloyatda xalqaro sertifikatga ega korxonalarni ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi. Bu borada yana bir muhim tashabbus ilgari surildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda Milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi tashkil qilinadigan bo‘ldi. Xorijdan brend-menejer, dizayner, marketologlar jalb etilib, milliy brendlarimizni jahon bozoriga olib chiqish, xalqaro sertifikati bor, raqobatbardosh mahsulotlarga sifat belgisi berilib, dunyoda keng targ‘ib etish mazkur kompaniyaning asosiy maqsadi etib belgilandi.
Shuningdek, hududlarda milliy mahsulotlar bir joyda sotiladigan savdo markazlarini – “Mall of Uzbekistan” majmualarini barpo etish ko‘zda tutilmoqda. Bu markazlardagi savdo do‘konlari tadbirkorlarga minimal narxda ijaraga berilishi xaridorlarga keng tanlov imkoniyatini, xorijiy turistlarga o‘ziga xos qulaylikni taqdim qiladi.
O‘zimizda bor xom ashyoni chuqur qayta ishlab, qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirish yo‘lida tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilar uchun faktoring tizimi joriy qilinib, bunga 100 million dollar ajratildi. Endi to‘qimachilik korxonalari ip-kalavani faktoring asosida soddalashgan tartibda sotib olishi mumkin bo‘ladi.
Mahalliy sanoatdagi yana bir istiqbolli yo‘nalish mebelsozlik hisoblanmoqda. Ayniqsa, aholi turmush darajasi va bunga hamohang ravishda yangi qurilayotgan uy-joylar soni oshayotgani fonida mebelsozlik sanoati mahsulotlariga talab yuqorilab bormoqda. Bu talabni qondirish, respublika hududlaridagi mebel ishlab chiqaruvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, xalqaro standartlarga javob beradigan ushbu turdagi mahsulotlar hajmini ko‘paytirish maqsadga muvofiq, albatta.
Hozirda ushbu tarmoqda 7 yarim mingta korxona ishlab turibdi. O‘tgan yilning o‘zida 920 ta yangi korxona ochilgan. Sohada 6 trillion 700 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 20 million dollarlik mebel eksport qilingan.
Yig‘ilishda yurtimiz tadbirkorlari salohiyati bundan ko‘piga ham qodir ekani ta’kidlandi. Uyida mo‘jaz ustaxona ochib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan va bugunga kelib uni rosmanasiga korxonaga aylantirish, boshqacha aytganda, hunarmandlikdan sanoatlashgan bosqichga o‘tish istagida yurganlar bor.
Shunga ko‘ra, endi 5 nafargacha ishchi olganlarga yakka tadbirkor sifatida mebel ishlab chiqarishga ruxsat berilishi, ushbu faoliyatni boshlash va kengaytirish istagida yurgan yosh tadbirkorlarga 7 yilga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli kredit ajratilishi ma’lum qilindi.
Mebelchilikka ixtisoslashgan Sharof Rashidov, Yangi Namangan, Pastdarg‘om, O‘rta Chirchiq, Quva, Buvayda, Yunusobod va Uchtepa tumanlarida Xonqa tajribasi asosida mebelchilik markazlari tashkil etiladigan bo‘ldi.
Sohadagi kichik biznes vakillariga chet eldan materiallar olib kelishi uchun ko‘maklashish, transport xarajatlarini yengillatib, xom ashyoni arzon yetkazib berish maqsadida yog‘och va yog‘och materiallari markazlashgan holda olib kelinadi. Bunda monopoliyaga yo‘l qo‘yilmasligiga urg‘u berildi. Aksincha, bozorda tanlov imkoniyati oshishi, tadbirkorlar cho‘ntagi va ehtiyojiga qarab, ushbu arzonlashtirilgan yog‘ochdan yoki boshqa ta’minotchidan sotib olishi yoki chet eldan o‘zi keltirishi mumkin. Shuningdek, 14 turdagi xom ashyo, furnitura, aksessuar uchun 3 yil muddatga import boji 1 foiz etib belgilanadi.
Eksport faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida mebelchilarga xalqaro sertifikat olish xarajatining hamda xorijdan jalb qilgan dizayner, marketolog, muhandis-texnologlar ish haqining yarmi qoplab berilishi mohiyatan tadbirkor uchun juda katta qo‘llab-quvvatlashdir.
Necha asrlik an’analariga ega, milliy hunarmandchiligimizda azaldan qadrlangan yana bir tarmoq borki, u ham yurtimiz iqtisodiyotida drayver bo‘lishi mumkin. Bu zargarlikdir. O‘tgan yili mazkur tarmoqda ishlab chiqarish 200 million dollardan oshgan, eksport 17 foizga o‘sib, 92 million dollarga yetgan. “Lekin bu yiliga 100 tonnadan ziyod oltin qazib olinadigan O‘zbekistondagi imkoniyatlarning o‘ndan biri ham emas”, deya qayd etildi yig‘ilishda. Shu bois sohada qo‘shimcha yengilliklar belgilandi.
Xususan, zargarlar endi yakka tadbirkor sifatida tilla buyumlari savdosi bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi. Chet eldan mutaxassis olib kelish xarajatining 2,5 ming dollargacha qismi kamida 5 nafar shogird chiqarish sharti bilan qoplab beriladi.
Bu sohada sanoat usuliga o‘tish va milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi. Zargarlikda ishlatiladigan uskunalar va ularning butlovchi qismlari import bojidan ozod qilinadi. Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlaridan oltinni bo‘lib to‘lash asosida sotib olish tartibi yana 3 yilga uzaytiriladi. Nufuzli brendlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularning dizayni va qolipini olib kelish xarajatining 30 ming dollargacha qismi qoplab beriladi.
Turkiya, Dubay va Misr tajribasi asosida Toshkent, Andijon va Xivada zargarlik markazlari ochildi. Endi bunday majmualar boshqa hududlarimizda ham bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Zargarlarni xom ashyo bilan barqaror ta’minlash uchun bu yil birjaga chiqariladigan oltin hajmi 6 tonnadan 8 tonnaga oshiriladi. Barcha hududlarda oltin zaxirasi yaratiladi.
Bunga javoban, tarmoqda “yashirin iqtisodiyot” ulushini qisqartirish, qonuniy faoliyatga rag‘bat choralarini qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog‘idagi bugungi holat ham tilga olindi. 10 mingga yaqin korxona faoliyat yuritayotgan ayni tarmoqda sifat va xaridorgirlikni ta’minlash, mamlakatimiz bo‘ylab qizg‘in olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarida mahalliy materiallardan kengroq foydalanish, developerlarga aylanma mablag‘ uchun kredit ajratish orqali buni qo‘llab-quvvatlash zarurligi aytib o‘tildi.
“Shaffof qurilish” platformasida qurilish materiallari korxonalari reyestrini tashkil qilib, u orqali sifat reytingini yuritish vazifasi qo‘yildi.
Mahsulotlar tannarxini tushirish, buning uchun energiya va resurs sarfi yuqori yo‘nalishlar tahlilini yuritib, tejamkor innovatsion yechimlarni qo‘llash masalasiga ham diqqat qaratildi. Mutasaddilar va tadbirkorlarning takliflari tinglandi.
Imomnazar TURSUNOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:
– Jahon savdo maydonida hozirda hukm surayotgan, oqibatlarini oldindan aytish mushkul bo‘lgan tahlikali vaziyat qator davlatlar oldiga kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni qo‘ymoqda. Dunyo bo‘ylab ta’minot va qiymat yaratish zanjirlarida uzilishlar paydo bo‘lish xavfi tezkor hamda oqilona iqtisodiy yechimlarni taqozo etayotir. Mutaxassislar to‘qimachilik, elektr texnikasi, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi yetakchi tarmoqlar rivoji xatar ostida qolishini prognoz qilmoqdalar.
Mana shunday iqtisodiy qaltis sharoitda yurtimizda mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarning erkin faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish uchun tizimli yondashuvlar asosida aniq chora-tadbirlar ko‘rilayotgani e’tirofga molik. Ayniqsa, 10 milliondan oshiq aholi bandligi ta’minlangan kichik va o‘rta biznes subyektlariga har tomonlama suyanch bo‘lishga harakat qilinayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardik.
O‘tgan haftada davlat rahbari raisligida mahalliy sanoatdagi muammolar va imkoniyatlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham bu bo‘yicha yanada yangi, hayotiy taklif-vazifalar ilgari surildi.
Yig‘ilishda mahalliy korxonalarimizga keng yo‘l ochib, ishlab chiqarishni ko‘paytirish, bozorlarga talabgir mahsulotlar bilan kirishi uchun sharoit yaratish zarurati yana bir bor eslatildi.
Jumladan, shu yilning to‘rt oyida sanoatda sezilarli o‘sish kuzatilgan bo‘lsa-da, 29 ta tuman ishlab chiqarishni 4,5 trillion so‘mga qisqartirgani tanqid qilindi. Misol uchun, Payariq va Paxtachi tumanlaridagi pasayishlar 210 milliard so‘mlik yo‘qotishga olib kelgan. Toshkentdagi Sergeli va Yashnobod sanoat zonalaridagi pasayish esa shahar bo‘yicha 1,1 foizlik sanoat o‘sishini boy bergan.
Yil boshidan buyon mamlakatning eksport hajmi asosan kimyo, oziq-ovqat, IT va turizm xizmatlari hisobiga oshgan. Lekin to‘qimachilikda eksport ko‘rsatkichlari o‘tgan yilga nisbatan 175 mln dollarga kamaygan. Prezident bu boradagi muammoga to‘xtalar ekan, mahsulotlarimiz sifatli bo‘lgani bilan xalqaro bozorda buni isbotlaydigan sertifikatlar yo‘qligi bois ular juda arzon baholanayotganini ta’kidladi. Axir, 1 yarim mingdan ortiq yirik va o‘rta to‘qimachilik korxonalaridan atigi 244 tasida xalqaro sertifikat borligi jiddiy muammo.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida kamida 20 tadan, qolgan hududlarda esa 10 tadan korxonani xalqaro sertifikat bilan ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Sanoat, eksport va tushum masalalarida “respublika – tarmoq – viloyat – tuman” vertikal tizimi bo‘yicha mas’ullar belgilanib, qaysi bo‘g‘inda muammo hal etilmasa, shu tizimdagi rahbarlar javobgarlikka tortiladigan bo‘ldi.
Bunday yangi va qaysidir ma’noda keskin yondashuv zamirida bir maqsad turibdi: global iqtisodiy tebranishlar sharoitida mamlakatning iqtisodiy barqaror taraqqiyotini ta’minlash. Iqtisodiy barqarorlik esa, tabiiyki, ijtimoiy hayotimizning yaxshilanishiga, xalqimiz turmush farovonligi oshishiga xizmat qiladi.
Farida MAHKAMOVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 28.5.2025, №21