Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Odiljon IMINOV va qo‘mita a’zolari maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarni maktabga tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holatini Surxondaryo viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganmoqda.
Bugungi kunda viloyatda maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, bolalarning maktabga tayyorgarlik darajasini tubdan oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Deputatlar uchrashuvlar davomida maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarni boshlang‘ich ta’limga majburiy bepul bir yillik tayyorlov guruhlarida tayyorlash, boshlang‘ich ta’limga majburiy bepul bir yillik tayyorlov guruhlarning malakali pedagog kadrlar, o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta’minlanganlik holatiga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, bolalarning umumiy o‘rta ta’limga bir yillik majburiy tayyorgarlik ko‘rishini ta’minlashda ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar shuningdek, boshlang‘ich ta’limga majburiy bepul bir yillik tayyorlash ishlarini tashkil etishda davlat va nodavlat tashkilotlari bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganlik masalasi xalq vakillarining e’tiborida bo‘ldi.
Quyi palata deputatlari o‘rganishlar davomida maktabgacha ta’lim muassasalaridagi tarbiyaviy ishlar, moddiy-texnik baza, maktabga tayyorlash bo‘yicha hujjatlar yuritilishi hamda pedagoglarning tayyorgarlik darajasini tahlil qildilar.
Muloqotlarda so‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim tizimida bo‘layotgan o‘zgarishlar, farzandlarimizga sifatli ta’lim berish, odamlarni ushbu tizimdan rozi qilish borasida olib borilayotgan islohotlar, qonunchilikdagi yangiliklar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Pedagoglar, aholi vakillarining fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalari tinglanib, bog‘cha tarbiyalanuvchilarini maktabga tayyorlashni sifatli yo‘lga qo‘yish, ta’lim jarayonini zarur uslubiy materiallar bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘rganish yakunlari Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasida mas’ul vazirlik va idoralar mutasaddilari bilan birgalikda tahlil qilinib, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.