O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi hamda Toshkent shahar kengashi tashabbusi bilan Toshkent menejment va iqtisodiyot institutida “Ayollar siyosatda: imkoniyatlar, iqtisod va siyosiy o‘zgarishlar” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi. Mazkur tadbir partiyaning ayol deputatlari uchun amalga oshirilayotgan “Deputat ayollar klubi” loyihasi doirasida o‘tkazildi.
O‘quv seminarida asosiy e’tibor xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, ularning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtirokiga turtki berish, gender tengligini ta’minlash va qonunchilikda ayollar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yuzasidan aniq va maqsadli ma’lumotlar berishga qaratildi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasida doimiy asosda faoliyat yurituvchi senator Ma’rufova Gulnora Mahmudovna, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining mas’ul xodimi Urazova O‘g‘iloy, partiyaning tuman Kengashlari deputatlari, shuningdek, Adliya vazirligi va boshqa mutasaddi idoralardan vakillar ishtirok etdilar.
Tadbirda ishtirokchilar ayollarning davlat boshqaruvi va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini rag‘batlantirish, ular uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, parlamentda va mahalliy Kengashlarda xotin-qizlar sonini oshirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, ijtimoiy himoya, oilaviy mustahkamlik va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash sohasidagi davlat siyosati haqida atroflicha fikr almashishdi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar partiyaning ayollarga oid dasturiy maqsadlarini amaliy hayotga tatbiq etishda bunday tashabbuslarning ahamiyatini alohida ta’kidlab, ushbu loyiha doirasidagi faoliyatni tizimli va uzluksiz davom ettirish lozimligini qayd etishdi.
Klub o‘z ishini Toshkent shahrining boshqa hududlarida ham davom ettiradi.