Ijtimoiy obyektlar nega xususiylashtirilmoqda?
Ijtimoiy obyektlar nega xususiylashtirilmoqda?

 

Deputat so‘rovi yuborildi

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirib borish, xususiy sektorning rivojini qo‘llab-quvvatlash – muhim yo‘nalish. Lekin iqtisodiy barqarorlik yo‘lidagi sa’y-harakatlar aholining ijtimoiy huquqlari kafolatini susaytirmasligi lozim. Ta’lim, sog‘liqni saqlash masalalari insonning ustuvor huquqlari bilan bog‘liqdir.

Davlat obyektlarini xususiylashtirish bo‘yicha ro‘yxatda bir qator ijtimoiy obyektlar savdoga qo‘yilgani, jumladan, 659 ta obyektdan 168 tasi ta’lim va tibbiyotga oid ekani partiyamiz elektorati, keng jamoatchilik vakillarida ham tabiiy savollarni yuzaga keltirdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasi a’zosi Shokirjon Ahmedov ushbu masala bo‘yicha izoh va tushuntirish berishni so‘rab, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmaljon Ortiqovga deputatlik so‘rovi yubordi.

 

Xususan, so‘rovda shunday savollar qo‘yilgan:

  1. Davlat obyektlarini xususiylashtirish rejalari tuzilayotganda va xususiylashtirish uchun ro‘yxat shakllantirilayotganda qaysi mezon va tahlillarga asosan ularga ijtimoiy obyektlar kiritilish belgilangan?
  2. Nima sababdan xususiylashtirilishi kerak bo‘lgan davlat obyektlari ro‘yxatiga bir qator ijtimoiy obyektlar kiritilgan? Ularni kiritilishga asosiy sabablar nimalardan iborat?
  3. Oliy va maktab ta’limi tizimida o‘quv va boshqa binolar, jumladan talabalar turar joylari qurishga ehtiyoj mavjud bo‘lsada, nima sababdan ular xususiylashtirilmoqda?
  4. Tibbiyot muassasalari, jumladan ko‘plab stomatologik poliklinikalar savdoga qo‘yilishi, ayniqsa bolalar poliklinikalari xususiylashtirilishi ushbu xizmatlarni ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun foydalanish imkoniyatini cheklashiga olib kelmaydimi?

 

“Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, deputatlik so‘roviga 10 kunlik muddat ichida berilishi kerak.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish