
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Zuhra Shodiyeva Sirdaryo viloyatida bo‘lib Guliston tumanida joylashgan “Chortoq” Oilaviy shifokor punkti faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Deputat tibbiyot muassasasining moddiy-texnik bazasi, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati, aholiga yaratilgan sharoitlar va kadrlar bilan ta’minlanganlik holatini ko‘zdan kechirdi.
Tibbiyot xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda deputat sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar, ayniqsa, birlamchi tibbiy xizmatni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida fikr almashdi. Tibbiyot xodimlari tomonidan bildirilgan taklif va muammolar ham diqqat bilan tinglandi. Jumladan, tibbiyot muassasasidagi ayrim jihozlarning eskiligi va yaroqsiz holga kelib qolgani, muassasaning ta’mirtalab ahvoldaligi yuzasidan murojaatlar bo‘ldi.
Aniqlangan masalalar bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda zarur choralar ko‘rilishi belgilandi.
Shuningdek, deputat tumandagi 2-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lib, u yerda bolalarga yaratilgan sharoitlar, o‘quv-tarbiya dasturlarining amaliyotda qo‘llanilishi va tarbiyachilar faoliyati bilan tanishdi. Bundan tashqari, pedagoglar va tashkilot rahbariyati bilan muloqotlar tashkil etilib, ularning fikr-mulohazalari va takliflari tinglandi. Bildirilgan murojaatlar yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilotlarga deputat so‘rovlari yuborilishi, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilishi belgilandi.