O‘zXDP Nurobod tumani Kengashi kotibiyati mudiri B.Oblanov va tegishli mas’ullar ishtirokida tumanning «Lolazor» mahallasida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, elektr energiyasi yetkazib berilishini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash masalalari o‘rganildi. Bu haqida Samarqand viloyat kengashi axborot xizmati xabar qilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Lolazor mahallasida 225 ta xonadon mavjud, shundan 122 ta xonadon aholisi o‘z mablag‘lari hisobidan qazilgan quduqlar va tabiiy buloqlar orqali ichimlik suvi iste’mol qilib kelmoqda. Mahalla aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida «Samarqandsuvta’minoti» AJ Nurobod tumani filiali tomonidan kelgusi yillarda qiymati 1.5 mlrd so‘m bo‘lgan 1 ta suv inshooti qurish hamda 5 km tarmoq tortish bo‘yicha davlat dasturiga taklif berilgan.
Shuningdek, mahalla hududida elektr energiyasida mavjud muammolarni bartaraf etish uchun SIP-2 (200 metr), SIP-4 (2 km) elektr kabellariga hamda 1 dona transformatorga (100) ehtiyoj bor. Aholining ushbu murojaati ham deputat nazoratiga olindi.
Aholi vakillari bandlikni ta’minlash borasida o‘z takliflarini bildirdi. Gap shundaki, mahalla hududidagi 50 gektar yaylov yer maydonini toifasini o‘zgartirish orqali qishloq xo‘jaligi yer maydonlariga aylantirib hudud iqlimiga mos bodom va uzumchilik tashkil etish uchun 1 gektar hamda 0.5 gektar o‘lchamlarda auksion savdolariga chiqarish orqali 100 nafarga yaqin fuqarolarning doimiy bandligi ta’minlanishiga erishiladi.
Hudud aholisi deputatga yana bir qator masalalarda murojaat qildi. O‘zlarini tashvishga solayotgan muammolarda amaliy yordam so‘radi. Har bir murojaat deputat nazoratiga olinib, tegishli tartibda hal qilinadigan bo‘ldi.