O‘zXDP fraksiyasi pozitsiyasi: Qonun loyihalarida mutanosiblik tamoyili buzilmasligi zarur

 

Bitta huquqbuzarlik uchun fuqaroni bir necha marta jazolash mumkin emas. Shuningdek, belgilangan jazo huquqbuzarlikning xavflilik darajasiga muvofiq bo‘lishi kerak. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining yig‘ilishida qonun loyihalari ko‘rib chiqilayotganda, bu fikrlarni bir necha marta takrorlashga to‘g‘ri keldi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda mutanosiblik tamoyiliga amal qilinishini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Fraksiya a’zosi Firdavs Sharipov qonun loyihasida mutanosiblik bo‘yicha konstitutsiyaviy tamoyilga amal qilish zarurligini ta’kidladi, kodeksga kiritilayotgan o‘zgartirishlarni mutanosiblik tamoyiliga muvofiq chuqur tahlildan o‘tkazish kerakligini bildirdi. Deputat o‘z fikrlarini davom ettirib, asosiy maqsadda jazo miqdorlarini ham qayta ko‘rib chiqish nazarda tutilgani, ammo loyihada bu masala yetarlicha qamrab olinmaganini qayd etdi.

Fraksiyamiz a’zosi Zokirjon Zohidov bu fikrlarni qo‘llab-quvvatlab, jarimalar miqdorlari aholi real daromadlariga muvofiq bo‘lishi muhimligi, partiyamiz elektorati manfaatlari uchun bu alohida ahamiyatga egaligi, qo‘llaniladigan jarimalarning miqdori bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda, saylovchilar bilan uchrashuvlarda turli fikrlar aytilayotganini bildirdi. Jarimalarning miqdorlari huquqiy chora doirasidan chiqib ketmasligi zarurligi, diffirensial (moddiy holati va takroriyligiga qarab o‘zgaruvchan) jarimalarni qo‘llash lozimligini ta’kidladi. Jazo choralari bilan huquqbuzarliklarning ijtimoiy xavflilik darajasi chuqur tahlillardan o‘tkazilishi maqsadga muvofiq bo‘lishi qayd etildi.

O‘zXDP fraksiyasi a’zolari qonun loyihasini yuqoridagi fikr-mulohazalardan kelib chiqib, qayta ishlash sharti bilan qo‘llab-quvvatladi.

Yig‘ilishda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi yana bir qonun loyihasi bo‘yicha muhokamalar bo‘ldi.

Xususan, fraksiya a’zosi Dilbar Mamadjanova ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish yuritish faqat jabrlanuvchining arizasi asosida boshlanishi, aks holda, ish yuritish istisno qilinishi haqidagi qo‘shimcha jazoning muqarrarligi tamoyiliga mos emasligini bildirdi. Xususan, bunday o‘zgarish jabrlanuvchining ariza bilan murojaat qilish imkoniyati bo‘lmagan holatlarda, huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning murojaat qilish imkoniyatini cheklab qo‘yishi mumkinligini, shuning uchun kodeksning 52-moddasiga taklif etilayotgan tahrirni qayta ko‘rib chiqish kerakligini alohida ta’kidladi.

Deputatlarning aksariyati qonun loyihasida tahririy kamchiliklar mavjudligi haqidagi fikrni qo‘llab-quvvatladi, uning mas’ul qo‘mitaga boshqatdan tahrir uchun qaytarilishi haqida yakdil qaror qabul qilindi.

Fraksiya majlisida «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi bo‘yicha ham turli munozaralar yuzaga keldi.

Deputatlar huquqbuzarliklar profilaktikasi juda muhim institut ekanini, uning samaradorligini oshirish bo‘yicha mutasaddi idoralar tomonidan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini e’tirof etishdi.

Shu bilan birga, profilaktika ishlarini shaxsning ustuvor huquq va erkinliklariga daxl qilmagan holda, o‘tkazish to‘g‘ri bo‘lishini bildirishdi. Deputat Shokirjon Ahmedov fikrini bitta misol orqali tushuntirishga harakat qildi. Masalan, huquqbuzar haydovchini transport vositasini boshqarish xuquqidan mahrum qilish birinchi jazo chorasi, unga nisbatan jarima tayinlanishi ikkinchi jazo chorasi ekani, taklif etilayotgan yangi qonun loyihasi bo‘yicha Ichki ishlar tomonidan profilaktik hisobga olinishi fuqaroga nisbatan yana bitta huquqbuzarlik chorasiga aylanib qolishi ehtimoli borligini aytdi. Bunday yangi me’yor jamiyat tomonidan “ro‘yxatda turish” shaklida qo‘shimcha jazo sifatida qabul qilinishi mumkinligi bildirildi.

O‘zXDP a’zolari bu borada jiddiy savollar bilan mutasaddilarga yuzlandi. Profilaktik hisobda turish ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan xavotir tushuntirildi.

Deputat Anvarxon Temirov qonun loyihasi dastlabki konsepsiyaga, tushuntirish xatida keltirilgan maqsadlarga mos kelishi lozimligi, qonun loyihasini shu nuqtayi nazardan qayta tahrir qilish lozimligini aytib o‘tdi.

Deputatlar fraksiyaning pozitsiyasi yalpi yig‘ilishga qadar qonun loyihasida hisobga olinishi sharti bilan qo‘llab-quvvatlab ovoz berishdi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish