
Yurtimizda katta faollik bilan o‘tayotgan Parlamentlararo Ittifoqning Assambleyasida 140 ga yaqin davlatdan 2 mingdan ziyod delegatlar qatnashayotgani uning jahon siyosatidagi nufuzini ko‘rsatib turibdi.
Davlatimiz rahbarining ochilish marosimidagi nutqi ilg‘or demokratik davlatlar parlamentlari vakillari, xalqaro ekspertlar tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda. Alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotida erishilgan ijobiy natijalar Assambleya shioriga aylangan ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun xizmat qilmoqda.
Nutqda bugungi dunyoni tashvishga solayotgan o‘tkir muammolar, tahdidlar, amaliy takliflar, hayotiy tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, davlatimiz rahbari dunyo miqyosida tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlar ishtiroki va ta’sirini oshirishni zamonning o‘zi talab etayotganligiga barchamizni e’tiborini qaratdi.
Insoniyatning kambag‘al qatlamlari daromadlari deyarli o‘zgarmayotganligi, agarda bu tendensiya saqlanib qolsa, 2030 yilga borib dunyo aholisining 575 million nafari qashshoqlikda umr kechirishi, 84 million bola esa ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi kabi masalalarni butun dunyo parlamentariylari diqqatiga havola qildi. Yechim sifatida davlatlarning vakillik organlari birlashgan holda harakat qilishi taklifi bildirildi.
Yurtimizda parlamentarizmni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarga to‘xtalib o‘tildi. Darhaqiqat, so‘nggi yillarda qonun chiqaruvchi hokimiyatning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rni bir necha karra oshirildi. Prezidentning qator vakolatlari qonun chiqaruvchi hokimiyatga o‘tkazilganligi Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yildi.
Yana bir jihat, ayni kunda Qonunchilik palatasi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, korrupsiyaga qarshi kurashish kabi o‘ta dolzarb masalalar yuzasidan tizimli faoliyatni amalga oshirib kelmoqda.
Qolaversa, milliy parlamentimiz dunyoga ham keng ochilmoqda. Jumladan, 80 ta qo‘shma do‘stlik guruhlari va komissiyalar faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilgan. Do‘stlik guruhlari tomonidan qonun ijodkorligi, hukumatlararo imzolangan shartnomalarning ijrosi yuzasidan parlament nazoratini olib borish, o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Prezidentimiz dunyo parlamenti hamjamiyati e’tiborini bir qator muhim masalalarga qaratdi. Jumladan, har bir insonning ijtimoiy himoyaga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, xalqaro standart va me’yorlar asosida sifatli xizmatlar ko‘rsatish har qachongidan ham dolzarb ekanligi qayd etildi.
Biz bu fikrning qanchalik haqiqatligini yurtimizdagi, hududlar va mahallalardagi islohotlarda ko‘rib turibmiz. O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekanligi Konstitutsiyamizda mustahkamlandi, aholini har tomonlama himoyasini ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi. Bu borada kompleks ijtimoiy himoyani amalga oshirish maqsadida alohida institutsional organ Ijtimoiy himoya milliy agentligi tuzildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan har bir oila, individual shaxs manzilli qo‘llab-quvvatlanmoqda. Birgina 2024 yilda aholini ijtimoiy himoya qilish, nogironlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan 10 dan ziyod qonun qabul qilindi.
Kambag‘allikka qarshi keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada oxirgi sakkiz yilda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 8,9 foizga tushirildi. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshirilayotgan bo‘lib, joriy yil yakuni bilan bu ko‘rsatkichni 6 foizga pasaytirish marrasi olingan.
E’tiborimni tortgan jihat, anjumanda O‘zbekistonning kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha erishilgan natijalari va tajribasi barcha ishtirokchilari tomonidan bardavom olqishlandi.
Hozirgi kunda barcha jabhalarga keng kirib kelayotgan sun’iy intellekt sohasida tizimli hamkorlikni kuchaytirish hamda sun’iy intellektdan foydalanish etikasi bo‘yicha model qonun ishlab chiqish taklifi ham butun dunyo qonun ijodkorlari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi.
Davlatimiz rahbarining nutqida bildirilgan taklif va tashabbuslar Parlamentlararo Ittifoqning doimiy e’tibori hamda kun tartibida bo‘lishini Ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson alohida ta’kidladi.
Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.