
Poytaxtimizda Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi yuqori samaradorlik bilan o‘tmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Assambleya ochilishida nutq so‘zlab, barcha qit’alardan kelgan nufuzli delegatsiyalarni samimiy qutlar ekan, turli mintaqalardagi o‘ta murakkab sharoitda jahonda tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlashda parlamentlar ishtiroki va ta’sirini oshirishni zamonning o‘zi talab etayotganini qayd etdi. Darhaqiqat, vakillik diplomatiyasini kuchaytirish, dolzarb masalalarni umumiy manfaatlar asosida hal etishda Parlamentlararo Ittifoq strategik ahamiyatga ega.
Davlatimiz rahbari nutqida keyingi o‘ttiz yilda jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 4,5 barobarga ortgani holda, insoniyatning kambag‘al qatlamlari daromadlari deyarli o‘zgarmay qolayotgani, agar shu tendensiya saqlanib qolsa, 2030-yilga borib dunyo aholisining 575 million nafari qashshoqlikda umr kechirishi, 84 million bola esa ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi ta’kidlandi. Bu raqamlar barchamizni chuqur o‘yga toldiradi.
Dunyo davlatlarida ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlash parlamentlar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Buning uchun vakillik organlari doimiy fikr va tajriba almashib borishi, ijtimoiy taraqqiyot yo‘lidagi dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha tashabbuskorlik ko‘rsatishi taqozo etilmoqda.
Nutqda tinchlik va xavfsizlik, iqlim o‘zgarishlari, xotin-qizlar huquqlarini qat’iy qaror toptirish kabi ijtimoiy taraqqiyot uchun juda muhim bo‘lgan masalalar qatorida jamiyat hayotining barcha jabhalarida to‘laqonli ishtirok etishi uchun yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish zarurligiga e’tibor qaratildi. Bu borada doimiy muloqotni kuchaytirish maqsadida Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish va uning ta’sis forumini yurtimizda o‘tkazish taklif qilindi.
Jamiyatning har tomonlama barqaror taraqqiy etishi yoshlarning faolligi va barcha jarayonlarda bevosita qatnashishiga chambarchas bog‘liq, albatta. Ta’lim-tarbiyada, bilim olish, kasb-hunar egallash va mehnat faoliyatida, umuman fundamental huquqlarni amalga oshirishda tenglik ta’minlanadigan bo‘lsa, yoshlar o‘zlarini to‘liq namoyon qiladi. Yoshlar davlatlar va mintaqalardagi dolzarb masalalarni samarali hal etishda ham shijoat ko‘rsatadi. Shu ma’noda dunyo yoshlari o‘rtasida parlament institutlari orqali doimiy muloqot o‘rnatilishi hayotiy tashabbusdir.
Ijtimoiy taraqqiyot va adolatga erishishning muhim omillaridan biri har bir insonning ijtimoiy himoyaga doir huquqlarini ta’minlash hisoblanishi bejiz emas. Mamlakatimizda bu borada global chaqiriqlarga munosib islohotlar izchil tus olmoqda. O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani ijtimoiy siyosatda amaliy ifodasini topib kelmoqda. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi yuqori safarbarlik va mas’uliyat bilan amalga oshirilyapti, jarayonda nafaqat ijro hokimiyati, shu bilan birga, vakillik idoralari ham bevosita ishtirok etmoqda, ijtimoiy taraqqiyot uchun parlament harakati vazifasini bajarishga intilmoqda. Aytish mumkinki, Assambleya kun tartibidagi masala bo‘yicha O‘zbekistonda tizimli sa’y-harakatlar boshlangan.
Assambleya ishidagi qizg‘in muloqot va uchrashuvlarni kuzatar ekanmiz, butun dunyo parlamentlari vakillari yurtimizda umumiy taraqqiyot uchun fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘lganidan samimiy iftixor tuyamiz.
Ulug‘bek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.