Denov tumani “Sina” qishlog‘ida yashovchi aholidan bir necha marta murojaat bo‘lgan. Gap shundaki, mazkur qishloqni tuman markazi bilan bog‘lovchi mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘lida muammolar ko‘paygan.
Jumladan, murojaatlarda bugungi kunda 75V-008 “Denov-Sina-Vaxshivor” avtomobil yo‘li 0-28 kilometrining aksariyat qismi ta’mirtalab holatga kelib qolgani, asfalt qoplamalar o‘z muddatini o‘tab bo‘lgani bayon qilingan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Firdavs Sharipov mazkur masala yuzasidan Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi J.Tursunovga deputat so‘rovi yuborgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 9 aprelda “2020 — 2022 yillarda Surxondaryo viloyatining Denov tumani va uning markazini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish to‘g‘risida”gi PQ-4667-son qaroriga asosan mazkur yo‘lning 3 km qismini mukammal ta’mirlash hamda 2 km qismini joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi nazarda tutilgan bo‘lib, shu kunga qadar yakuniga yetkazilmagan”, deyiladi deputatning so‘rovida.
Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisiga yuborilgan so‘rovga rais o‘rinbosari-bosh muhandis O.Adilovdan javob kelgan. Unga ko‘ra, bugungi kunga qadar “Avtoyo‘lsanoat invest” MCHJ tomonidan jami obyektda 11,5 mlrd so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan. Mazkur obyekt 2025 yilgi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini to‘la ta’mirlash dasturi loyihasiga kiritilgani, 2025 yilga 5,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, obyekt to‘liq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, 75V008 “Denov sh. - Sina q. - Vaxshivor q.” avtomobil yo‘lining transport vositalar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida hududga ajratilgan mablag‘ doirasida ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi ma’lum qilingan.