O‘zbekiston va Fransiya strategik hamkorga aylandi
O‘zbekiston va Fransiya strategik hamkorga aylandi

 

O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida 1992-yil mart oyida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan bo‘lsa, keyingi yillarda keng quloch yoydi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi o‘zaro munosabatlarning yangi bosqichini boshlab bergan bo‘lsa, davlatimiz rahbarining 2022-yildagi tashrifi oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarga boy bo‘ldi. 2023-yilda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning mamlakatimizga tashrifi barcha sohalardagi siyosiy muloqot va hamkorlikni izchil rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishladi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot strategiyasining Fransiya rahbarining islohotlar dasturi bilan yaqinligi, yirik xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal qilishda ikki davlat yondashuvlarining o‘xshashligi o‘zaro munosabatlarning rivojlanib borishiga zamin bo‘ldi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan konstruktiv va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga erishishga qaratilgan mintaqaviy siyosati Fransiya tashqi siyosatining Markaziy Osiyo yo‘nalishidagi intilishlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan mutlaqo boshqa mintaqaviy muhitni yaratdi. Yuqori darajadagi aloqalar ham yangi o‘suvchanlik kasb etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi chin ma’noda yangi tarix yaratdi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Parij shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida ikki mamlakat yetakchilari Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildi.

Davlat rahbarlari huzurida Mutaxassislar va talabalar harakatchanligi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, Fransiyaning yetakchi kompaniyalari bilan O‘zbekistonda 6,5 milliard yevrolik istiqbolli kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Investitsiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik dasturi almashildi. O‘zbekiston-Fransiya universitetini tashkil etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim, sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya, musiqa, kino va teatr sohalarida hamkorlik to‘g‘risida tasdiqlangan deklaratsiyalar nafaqat davlatlar, ayni paytda xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik va do‘stlik rishtalarining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston – Fransiya» do‘stlik guruhlari faol faoliyat ko‘rsatmoqda. Ikki davlat parlamentlari a’zolari o‘zaro tashriflar almashuvi doirasida parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish istiqbollarini muntazam muhokama qilyaptilar. O‘zbekiston va Fransiya BMT, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ham sheriklar hisoblanadi.

Parij shahrida sog‘liqni saqlash, fan va ta’lim, madaniyat, turizm va biznes sohalarida forum va anjumanlar o‘tkazilmoqda. Bularning barchasi G‘arbdagi asosiy hamkorlarimizdan biri – Fransiyaning yurtimizga bildirayotgan yuksak ishonchini ko‘rsatadi. Prezidentimizning davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni strategik darajaga ko‘tarish uchun mustahkam zamin yaratdi.

 

Anvarjon Nurmatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish