Qonuniy va xavfsiz migratsiya tarafdorimiz
Qonuniy va xavfsiz migratsiya tarafdorimiz

 

Odamlarning dunyo bo‘ylab erkin harakatlanishi, ta’lim olib, mehnat faoliyatini amalga oshirishi globallashuvning muhim asoslaridan biri hisoblanadi.

Xalqaro migratsiya tashkilotining oxirgi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 281 milliondan ortiq muhojir bor. 2000 yilda ularning soni 174 millionni tashkil qilganini hisobga olsak, migratsiyada o‘sish tendensiyasini ko‘rishimiz mumkin.

Ekspertlar migratsiyani iqtisodiy taraqqiyotni harakatlantiruvchi, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlovchi kuchli omil sifatida ko‘radi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, migrantlar tomonidan o‘tkazilgan xalqaro pul o‘tkazmalari 2000 yilgi 128 milliard dollar, 2024 yilga kelib 831 milliard dollargacha o‘sgan. Migratsiya dunyoning nafaqat iqtisodiy taraqqiyotini, shu bilan birga, ma’naviy-madaniy rivojlanishini harakatlantiruvchi muhim faktorlardan biridir.

Bir so‘z bilan aytganda, butun dunyoda migratsiya hayotiy masalaga aylandi. Yangi O‘zbekiston jamiyatida ilm olish va mehnat qilish huquqlarini ta’minlash, imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizda so‘nggi ikki yilda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan tashkiliy ravishda 70 ming nafar fuqaro rivojlangan davlatlarga mehnat faoliyatini olib borish uchun yuborilgan. Xorijdagi fuqarolar masalalarini tezkorlik bilan hal qilish uchun elchixonalar va tegishli vazirliklarda 24 soat ishlaydigan Call-markazlar tashkil etilmoqda.

Ammo ayrim mamlakatlarda mehnat muhojirlarining huquq-manfaatlariga panja ortidan qarash, ularga nisbatan turli ta’qiqlarni joriy etish ustida bosh qotirilayotgan holatlar ham bor. Ba’zida migrantlardan davlatlarning ichki ishlariga aralashish uchun dastak sifatida foydalanishga urinish holatlari uchrab turibdi. Partiyamiz migratsiyaning qonuniy va xavfsiz bo‘lishi juda muhim, deb hisoblaydi.

Mamlakatimiz keng intellektual salohiyatga, ulkan mehnat resurslarga ega. O‘zbekiston dunyoga ochildi. Bu aholining turli qatlamlariga o‘qish, mehnat qilish bo‘yicha katta imkoniyatlar yaratdi. Bugungi faol globallashuv jarayonida qonuniy migratsiya uchun sharoit yaratilishi, albatta, har bir yurtdoshimizning huquqlari himoya qilinishi zarur. Ayniqsa, ayrim davlatlar bu masalada cheklov pozitsiyasini egallayotgan vaziyatda izchil siyosat yuritilishi lozim, deb bilamiz.

Shuning uchun Saylovoldi dasturimizda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining faoliyatida ochiq-oshkoralikni kuchaytirish, agentlikning xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’uliyatini oshirish maqsadi belgilangan.

Partiyamiz migrantlarning huquq-manfaatlarini ishonchli himoyalash, ularni xorijda doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlash davlat tomonidan kafolatlanishi tarafdoridir.

 

Ulug‘bek Inoyatov,

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Markaziy Kengashi raisi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Partiya munosabati Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish