Yirik qurilish kompaniyalardan majburiy ajratmalar evaziga maxsus jamg‘arma tashkil etib, ijtimoiy uy-joylar qurishni yo‘lga qo‘yish
Yirik qurilish kompaniyalardan majburiy ajratmalar evaziga maxsus jamg‘arma tashkil etib, ijtimoiy uy-joylar qurishni yo‘lga qo‘yish

 

O‘zbekiston XDP Saylovoldi dasturida “Ijtimoiy turar joylar to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish, unda hashamatli uy-joylarni barpo etayotgan qurilish kompaniyalari va tijorat banklari daromadidan majburiy ajratmalar evaziga maxsus jamg‘armalar tashkil etib, aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlari uchun ijtimoiy turar joylar qurish nazarda tutilgan.

Xalqimizda uyi borning o‘yi yo‘q, degan gap bor. Shuning o‘ziyoq jamiyatimizda shaxsiy uy-joyga ega bo‘lish odamlarimiz uchun qanchalar muhim ekanini ko‘rsatadi. Uy-joy bilan ta’minlanganlik inson farovonligining asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.

Biroq bugun yurtimizda tez aholi sonini tez o‘sishi uy-joy siyosatida xalqchil konsepsiyalarni qabul qilishni, ilg‘or davlatlar tajribasidan o‘tgan samarali yondashuvlarni qo‘llashni taqozo etmoqda. Ayniqsa, oilaviy bolalar uylarining bitiruvchilarini, nogironligi bo‘lgan shaxslarni, kam ta’minlangan oilalarni, alohida yordamga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash dolzarb bo‘lib turibdi. Ushbu sohada qilinayotgan ishlarni jadallashtirish lozim.

Bundan tashqari, ehtiyojmand fuqarolar uy-joy sotib olishi uchun subsidiyalar miqdorini belgilashda birlamchi uy-joy bozoridagi real narxlarni inobatga olish kerak.

Shu o‘rinda, ijtimoiy uylar qurish masalasida ma’lum qadamlar tashlanganini ham aytib o‘tish o‘rinli. Xususan, endilikda yurtimizda og‘ir sharoitga tushib qolgan va uy-joyga muhtoj qizlar uchun bir xonali ijtimoiy uylar qurib beriladigan bo‘ldi. U qizlar ana shu ijtimoiy uylarda foydalanish huquqi asosida bepul yashashi mumkin. Bu ularning ishga joylashib, oyoqqa turib olgunlariga qadar yetarli fursatdir.

Partiyamiz esa xuddi shunday qulay imkoniyatni yaratadigan ijtimoiy uylarni aholining boshqa ehtiyojmand qatlami vakillari, ya’ni nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogiron farzandlarni tarbiyalayotgan ota-onalar uchun ham qurishni zarur deb hisoblaydi.

Ijtimoiy turarjoylar qurishni qat’iy tartibga soladigan qonun hujjatini qabul qilish, shu orqali sohaning tashkiliy-huquqiy asoslarini mustahkamlash ayni muddao. Shunisi aniqki, ijtimoiy uylar moddiy va ijtimoiy ko‘makka muhtoj insonlar uchun har tomonlama katta madad bo‘ladi.

 

 

 

 

 

Teglar

Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish