“Xospis xizmati to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz
“Xospis xizmati to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz

 

JSST rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, agar insonning keksaligi davrida uning sog‘lig‘iga yetarli darajada e’tibor qaratilsa keksa yoshlilar ham yoshlar kabi sevimli mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishi mumkin. Keksalarga yetarli sharoitlar yaratilmasa, jismoniy va aqliy imkoniyatlari cheklanishi kuzatilsa, keksa yoshdagilar kechiradigan davr nafaqat ularning o‘zlariga, balki oilasi va jamiyat uchun ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunday holatlarda nasliy kasalliklar istisno qilinadi.

Keksa yoshdagilar va onkologik bemorlar uchun hayotining oxirgi kunlarida tibbiy xodimlar va volontyorlar tomonidan tibbiy, psixologik, ijtimoiy va ruhiy davolash hamda qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan palliativ yordam ko‘rsatadigan xospis xizmatlarining tashkil qilinishi muhim hisoblanadi. Keksa yoshdagi insonlar yoki og‘ir dardga chalinganlar, shuningdek, onkologik bemorlarni o‘lim oldidan qo‘rqmasliklari uchun ularni ruhiy qo‘llab-quvvatlash xospis xizmati ko‘rsatuvchilarining asosiy maqsadi hisoblanadi, chunki ular bemorlarni og‘riq va boshqa azobli simptomlardan xoli bo‘lishlari va og‘riqni kamaytirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishadi.

BMT ekspertlari prognoziga ko‘ra, 2050 yilga borib dunyo aholisining 79 foizdan ortig‘i 60 yoshdan kattalarni tashkil qiladi, shuningdek, ularning qarish darajasi ko‘rsatkichi 72,7 foizga yetishi mumkin. Aholining keksayishi global iqtisodiy rivojlanishga ta’sir qilib, ijtimoiy-iqtisodiy tomondan salbiy natijalarni yuzaga keltirishi mumkin. Ekspertlar bunday ko‘rsatkichlar asosida 2050 yil oxiriga kelib keksa yoshdagi aholining soni 45 million kishiga yetishi mumkinligini bashorat qilishmoqda.

Keksalik davrida surunkali xastaliklar va ularning asoratlaridan tashqari, onkologik kasalliklarning rivojlanishi xavfi ham ko‘payadi, shu sababli keksalik davridagi umr davomiyligi ortib borayotgani rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar e’tiborining markazida bo‘lib qolmoqda.

Masalaning dolzarbligi hamda ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojmand aholi uchun jiddiy muammolar kelib chiqishini ko‘zda tutgan holda O‘zbekiston XDP keksalar va onkologik kasallar uchun xospis tizimini rivojlantirish va “Xospis xizmati to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish tashabbusini Saylovoldi dasturiga ustuvor yo‘nalish sifatida kiritgani e’tiborga molik.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 80 ta a’zo davlatda palliativ yordamni ko‘rsatish xizmatining sifati 4 guruhga taqsimlangan. Birinchi guruhga – eng minimal sifatga ega davlatlar, to‘rtinchi guruhga – eng yuqori darajadagi sifatga ega bo‘lgan davlatlar kiritilgan. Mazkur reytingning birinchi 10 taligiga kirgan yetakchi davlatlar — Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Irlandiya, Belgiya, Tayvan, Germaniya, Niderlandiya, AQSH va Fransiya. Bu davlatlarda palliativ yordam va xospis xizmatlari yuqori darajada joriy etilgan bo‘lib, u sog‘liqni saqlash tizimi tarkibiga kiritilgan. Respublikamiz palliativ va xospis xizmatlarini tashkil qilish bo‘yicha 3- guruhdagi davlatlar ro‘yxatiga kiradi. Yurtimizda palliativ yordam bilan xospis xizmatlarini ko‘rsatadigan muassasalar Toshkent viloyatida 2022 yili Taskin nomi bilan bolalarga palliativ yordam ko‘rsatadigan xospisni tashkil qilishdan boshlangan, bu xizmat bepul.

Partiyamiz Saylovoldi dasturida ilgari surilayotgan yo‘nalish yurtimizda aholiga ko‘rsatilayotgan kafolatlangan tibbiy xizmatning tarkibida bo‘lishi uning sifati va samaradorligini oshirishga ta’sir qiladi.

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Partiya munosabati Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish