Xalqchil dastur va munosib nomzodlar bilan

 

XDP saylovga katta kuch, qat'iy ishonch bilan kirib bormoqda!

2024 yil 6 sentabr kuni poytaxtimizdagi muhtasham maskanlardan birida O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi qurultoyi bo'lib o'tdi. Parlament quyi palatasiga deputatlikka ko'rsatilgan 175 nafar nomzod, delegatlar, tarafdorlar, xayrixohlar, qo'llab-quvvatlovchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, umuman, mamlakat hayotidagi muhim siyosiy voqelikka befarq bo'lmagan insonlar bir davraga jam bo'ldi. Partiyaning bu galgi qurultoyi mamlakatimizda ilk bor o'tkazilayotgan yangi aralash saylov tizimiga nomzodlar ko'rsatish va Saylovoldi dasturini tasdiqlash marosimi sifatida tarixda qoladigan bo'ldi. Zero, Xalq demokratik partiyasi ushbu muhim siyosiy jarayonga yangi shahd va yangi g'oyalar bilan kirib kelmoqda. G'alabaga bo'lgan ishtiyoq ham, intilish va ishonch ham yuksak.

Qurultoyni O'zXDP Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Ulug'bek Inoyatov ochib berdi. Dastlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlarda partiyaning munosib va faol ishtirokini ta'minlash borasidagi dolzarb vazifalar to'g'risida ma'ruza qildi.

 

XDP va'dasini bajardi

Qurultoyda O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasining 2019-2024 yillardagi faoliyati yuzasidan tayyorlangan hisobotlar atroflicha muhokama etildi. Partiya 82 banddan iborat maqsadlarni belgilab olgan bo'lib, hozirga qadar ularning 70 dan ortig'i amalga oshgan. Eng muhimi, partiyaning bosh g'oyasi bo'lgan kuchli ijtimoiy demokratik davlatni barpo etish tamoyili Konstitutsiyada muhrlandi.

Ta'kidlanganidek, aynan Xalq demokratik partiyasi tashabbusi va takliflari bilan minimal iste'mol xarajatlarini e'lon qilish amaliyoti yo'lga qo'yildi. Pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari undan oz bo'lishi mumkin emasligi belgilandi.

Shuningdek, aholining kam daromadli qatlami uchun qurilayotgan arzon uy-joylar soni ko'paytirildi, ushbu sohada imtiyozli ipoteka krediti ajratish amaliyoti takomillashtirildi. Uy-joy olishni subsidiyalash tizimi natijasida hududlarda 6 mingta ko'p qavatli uy barpo etilib, 250 ming oila boshpanali bo'ldi.

Partiyaning 2019-2024 yillarga mo'ljallangan dasturi samarali amalga oshayotgani qayd etildi.

 

Yangi saylovoldi dasturi haqida qisqacha

Qurultoyda oldingi saylovda ilgari surilgan partiya Saylovoldi dasturi ijrosi tahlilidan so'ng Xalq demokratik partiyasining bu yilgi saylovda ishtiroki bilan bog'liq eng muhim masalalar ko'rib chiqildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga saylovlar munosabati bilan 2025-2029 yillarga mo'ljallangan yangi Saylovoldi dasturi delegatlar e'tiboriga taqdim etildi.

Qayd etildiki, dasturda davlat va jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta'minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritishga qaratilgan 10 ta yo'nalish, 15 qadamni o'zida mujassam etgan 100 ga yaqin taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Xususan, dasturning ijtimoiy sohani rivojlantirish bo'yicha adolatli davlat pensiya ta'minoti tizimini joriy qilish, aholida doriga qaramlikni kamaytirish, maktablarda chet tillar va IT o'quv soatlarini keskin ko'paytirish, o'zini band qilganlar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, ulush kiritish asosida uy-joy qurilayotganda xaridorlarni kafolatli himoya qilish bo'yicha yechimlar taklif etilgan.

Qonun ustuvorligini ta'minlash yo'nalishida esa davlat budjeti hisobidan qimmatbaho sovg'alar hadya qilishni taqiqlash, budjet mablag'larini samarasiz ishlatganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, sohaviy nazorat organlariga respublika hokimiyat organlarining ta'sirini kamaytirish bilan bog'liq takliflar delegatlar tomonidan qo'llab-quvvatlandi.

Partiya yangi dasturida davlat va jamiyat qurilishi yo'nalishida ham ilg'or tashabbuslar joy olgan.

 

Yangi O'zbekiston – ijtimoiy davlat

XDP yetakchisi qayd etib o'tganidek, yangilangan Konstitutsiyamizda O'zbekiston ijtimoiy davlat deb belgilangani xalqimizning orzu-intilishlariga hamda Xalq demokratik partiyasining platformasiga to'liq mos keldi.

Konstitutsiyaga asosan davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari uch baravarga oshdi. Davlat zimmasiga aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayoti sifatini oshirish, nogironligi bo'lgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida to'laqonli ishtirok etishi va o'z huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratish choralarini ko'rish majburiyati yuklandi.

Pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam iste'mol xarajatlaridan oz bo'lishi mumkin emasligi aniq ko'rsatildi.

Fuqarolarning uy-joyli bo'lish huquqi va uy-joy qurilishi davlat tomonidan rag'batlantirilishi, yoshlarimizning oliygohlarga tanlov asosida davlat granti hisobidan o'qish kabi huquqlari qat'iy belgilandi.

Xalq demokratik partiyasi yangilangan Konstitutsiyada o'zining dasturiy maqsadlari bo'yicha takliflari aks etgani bilan haqli ravishda faxrlanadi. Lekin hali oldinda muhim vazifalar, yechimini kutayotgan masalalar bor.

Ijtimoiy tenglik va birdamlik, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta'minlash, ijtimoiy himoya va ehtiyojmandlarni qo'llab-quvvatlash bilan bog'liq g'oyalarning ahamiyati bugungi kunda ham juda dolzarbdir.

Xalq demokratik partiyasi yuz minglab a'zolari, millionlab xayrixohlariga tayangan holda saylovda faol qatnashish, yuqori natijalar uchun kurashga kirmoqda.

Saylov partiya uchun keng imkoniyat va, albatta, katta mas'uliyatdir. Unda g'alaba qozonish, parlamentda ko'proq o'ringa ega bo'lish, mahalliy Kengashlardagi deputatlarning ustunligiga erishish uchun barcha kuch va imkoniyatlarni ishga solish rejalashtirilgan.

Buning uchun partiya aholimiz duch kelayotgan muammolarni hal etish bo'yicha takliflarni birlashtirgan, saylovchilarni ishontira oladigan yangi mukammal dastur ustida ish olib bordi.

 

150 ga yaqin taklif-tashabbuslar

Yana aytildiki, partiyaning Saylovoldi dasturida davlat va jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta'minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritishga qaratilgan 150 ga yaqin taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda.

O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi o'z dasturiy maqsadlarini ijtimoiy adolat va tenglik, ijtimoiy birdamlik, ijtimoiy demokratiya g'oyalariga asoslangan holda ishlab chiqdi.

– Saylov kampaniyasining eng qizg'in davriga kirishar ekanmiz, har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida munosib yashash sharoitini yaratish, ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish, kambag'allikni qisqartirish, yangi ish o'rinlari va daromad manbaini ko'paytirish bo'yicha siyosatni maqsad qilganmiz. Davlat aholi manfaatlarini to'laqonli ta'minlash maqsadida kuchli ijtimoiy siyosat yuritishi lozim, deb hisoblaymiz, – dedi partiya yetakchisi.

Ana shu maqsadlarga erishish uchun partiya keyingi besh yillik uchun 10 ta yo'nalish, 15 ta strategik qadamdan iborat ustuvor vazifalarni rejalashtirgan.

 

Eskirmaydigan siyosat

Xalq demokratik partiyasi fikricha, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish – bu ijtimoiy barqarorlik tayanchidir.

"Biz har bir shaxsning Konstitutsiya bilan kafolatlangan ijtimoiy huquqlarini adolatli va samarali amalga oshirilishini ta'minlash uchun harakat qilamiz. Buning uchun ijtimoiy ta'minot va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlarini yangi normalar bilan to'ldirish orqali Ijtimoiy kodeksni ishlab chiqish va qabul qilishga erishamiz", deyiladi ma'ruzada. Bunda imtiyozga ega shaxslardan tashqari boshqa og'ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolar toifalarini va ularga ko'rsatiladigan yordam turlarini qonunchilikda aniq belgilash taklif etilmoqda. Aholining zaif qatlamlariga ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish bo'yicha ijtimoiy xizmatlar shartnomasini tuzish tartibini ishlab chiqish partiya uchun prinsipial ahamiyatga ega.

Shuningdek, har bir insonning birlamchi hayotiy ehtiyojlariga yetadigan eng kam iste'mol xarajatlarini qonun darajasida belgilash maqsadida "Eng kam iste'mol xarajatlarini belgilash tartibi to'g'risida"gi Qonunni qabul qilish taklifi ham Saylovoldi dasturidan o'rin olgan.

Nogironligi bo'lgan shaxslarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash, o'zgalar parvarishiga muhtoj bo'lgan 18 yoshgacha bolalarning kasalliklari ro'yxatini kengaytirish, shu orqali doimiy qarovga muhtoj bolalarni parvarishlayotgan oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo'llab-quvvatlashni yanada kengaytirish belgilangan. Davlat pensiya ta'minoti tizimi muntazam takomillashtirib borilishi kerak.

Pensiya va ijtimoiy nafaqalar inson hayotiy ehtiyojlarini qanoatlantirishiga yetarli bo'lishi zarur, deb hisoblanadi. Shu maqsadda bir qator muhim takliflar nazarda tutilgan.

 

Uy-joy sohasida vaziyatni o'nglash lozim

Uyli-joyli bo'lish har bir inson uchun hayotdagi eng muhim, eng ezgu maqsadlardan biri. Uyi borning o'yi bo'lmaydi, deb bejizga aytishmagan aslida. O'zbekiston Markaziy Osiyoning aholi eng zich yashaydigan mamlakati hisoblanadi. Tabiiyki, tez o'suvchi demografiya davlat oldiga odamlarni uy-joy bilan ta'minlash masalasini qo'yadi. Tan olish zarur, bu borada keyingi yillarda aholini arzon uy-joy bilan ta'minlash borasida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirildi. Ammo qurilishlar ko'lami xalq ehtiyojini qondira olyapti, deyishga hali biroz erta.

Xalq demokratik partiyasi aholini arzon uy-joy va sifatli kommunal xizmatlari bilan ta'minlash tarafdori. Partiya fikricha, ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlar yetarli emas va ularni karrasiga kengaytirish maqsadga muvofiq.

Bu borada partiya fuqarolarning Konstitutsiya bilan kafolatlangan har kimning uy-joyli bo'lish huquqini ta'minlash, buning uchun arzon uy-joy qurilishini kengaytirishni qo'llab-quvvatlaydi.

Hozir ko'pchilikning e'tiroziga sabab bo'layotgan bir muammo bor. Ya'ni, hali qurilishi boshlanmagan yoki tugallanmagan uy-joylar uchun qurilish korxonasi bilan to'g'ridan-to'g'ri shartnoma tuzish, hali bir dona g'ishti ham qo'yilmagan uy uchun oldindan pul to'lash holatlari uchraydi. Bunday tavakkalchilik esa ba'zan odamlarning sarsongarchiligiga olib kelyapti. O'sha shartnomani tuzgan qurilish korxonasi negadir birdan bankrot bo'lib qolishi yoki buyurtmachi pullarini talon-toroj qilishi kabi holatlarni inkor etolmaymiz. Shularni inobatga olgan holda turar joylarni qurishda jalb qilingan aholi mablag'larini himoya qilish kafolatlarini yaratish maqsadida eskrou to'lov tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi "Ulush kiritish asosida uy-joy qurishda ishtirok etish to'g'risida"gi Qonunni qabul qilish taklifi ilgari surilgan.

Saylovoldi dasturida, shuningdek, "Kommunal xizmatlar va tariflarni tartibga solish to'g'risida"gi Qonunni qabul qilish, ko'p kvartirali uy-joy fondini boshqarish va unga xizmat ko'rsatish usullarini qayta ko'rib chiqish, bunday turdagi uylarning joylashuvi, muhandislik-kommunikatsiyalarining shaharsozlik talablariga muvofiqligini, aholi yashash punktlarining xavfsizligi va ekologik barqarorligini ta'minlash ko'zda tutilgan. Partiya shaharlar va aholi punktlarining tarixiy qiyofasini saqlash, tabiiy resurslarini muhofaza qilish bo'yicha o'z sa'y-harakatlarini kuchaytiradi.

 

Malakali tibbiy xizmat

Har bir inson umri davomida bir necha bor tibbiy xizmatdan foydalanishiga to'g'ri keladi. Issiq jon isitmasiz bo'lmaydi, deyishadi. Shunday paytlar bo'ladiki, ko'rsatilgan birinchi tibbiy yordam inson umrini saqlab qoladi. Bemor hayotida har lahza muhim bo'lgan pallada shifokorlar jonimizga oro kiradi. Demak, fuqarolar zarur paytlarda sifatli tibbiy xizmat uchun davlatga suyana olishi kerak. Bu Konstitutsiyada kafolatlangan huquq masalasidir.

Xalq demokratik partiyasi bu yilgi saylovlarda ham aholining qaysi hududda yashashidan qat'i nazar, davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmat olishi, sog'liqni saqlash tizimini to'liq raqamlashtirish orqali sohada shaffoflikni ta'minlash tarafdori sifatida maydonga chiqmoqda. Partiya tibbiy yordam sifati, ayniqsa, kam ta'minlangan aholiga malakali tibbiy xizmat ko'rsatish tarmog'ini rivojlantirish bo'yicha bir qator ustuvor yo'nalishlarni taklif etmoqda.

Avvalo, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish zarur. Xususan, tibbiy sug'urtani joriy etishning huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida "Davlat tibbiy sug'urtasi to'g'risida"gi Qonunni qabul qilish, keksalar uchun, onkologik kasallik kabi og'ir xastaliklarga duchor bo'lgan bemorlar uchun sifatli xizmat ko'rsatishning yuqori standartlarini ta'minlashga qaratilgan xospis tizimini rivojlantirish va "Xospis xizmatini ko'rsatish to'g'risida"gi Qonun loyihasini ishlab chiqish taklif etilmoqda. Umuman, dasturda malakali tibbiy xizmatni xalqqa yaqinlashtirish bilan bog'liq asosli vazifalar o'rin olgan.

 

Yoshlar sifatli ta'lim olishi kerak!

O'zbekiston – aholisining mutlaq ko'pchilik qismi yoshlarni tashkil etadigan mamlakat. Xalq demokratik partiyasi yoshlarning sifatli ta'lim olishi tarafdoridir. Bu mamlakatimiz intellektual salohiyatini yuksaltirish kafolati sanaladi.

XDP sifatli maktabgacha, o'rta, professional va oliy ta'lim olish uchun teng imkoniyatlar yaratishga erishmoqchi. Umumiy va kasbiy ta'limda aholining barcha qatlamiga teng imkoniyatlar yaratish uchun kurashiladi. Masalan, "Yagona ijtimoiy reyestr"da ro'yxatga olingan oilalarni davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlariga to'lanadigan ota-onalar to'lovidan ozod qilish taklifi ilgari surilmoqda.

Shuningdek, dasturda maktab o'quvchilariga jamoat transportidan foydalanishi uchun tabaqalashgan tariflarni joriy etish, maktablarda ovqatlantirish tizimi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, maktablarda zararli oziq-ovqat mahsulotlarini sotishni taqiqlash, sifatsiz mahsulot tarqatganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish vazifalari belgilangan.

Maktablar o'quv dasturlarida chet tillar va IT bo'yicha o'quv soatlarini keskin ko'paytirish orqali bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish masalasi bevosita saylovchilarning talab va takliflariga ko'ra ishlab chiqilgan.

 

Ijtimoiy yo'naltirilgan bozor iqtisodiyoti

Albatta, iqtisodiyotni liberallashtirishda jamiyatni ijtimoiy rivojlantirish maqsadlarini unutib qo'ymaslik kerak. Chunki, dunyo tajribasiga nazar tashlasak, erkin bozor iqtisodiyoti ijtimoiy tafovutlar yuzaga kelishiga sabab bo'lishi mumkin.

Shuning uchun Xalq demokratik partiyasi iqtisodiy siyosatning ijtimoiy samaradorligini ta'minlash, iqtisodiyotda davlatning asosiy tartibga soluvchi rolini kuchaytirishni zarur, deb hisoblaydi.

Partiya buning uchun iqtisodiyotda davlatning faol roli va ishtirokini saqlab qolish, kambag'allikni qisqartirish, soliq qonunchiligini takomillashtirish hamda bank-kredit sohasini rivojlantirishga intiladi.

Strategik ahamiyatga ega kompaniyalar ustidan davlat nazoratini saqlab qolish, ularni xususiylashtirishni qonun darajasida taqiqlash, mahalliy investorlarni qo'llab-quvvatlash, shu jumladan, ularga xorijiy investorlar bilan bir xil imtiyozlar berish taklif etilmoqda.

Partiyamiz fikricha, vazirlik va idoralar tomonidan davlat xizmatlarini ko'rsatish yoki jarima solish natijasida tushadigan barcha tushumlarni to'liqligicha Davlat budjetiga yo'naltirish kerak. Daromad va ularning manbalaridan qat'i nazar, boylikning haddan tashqari konsentratsiyasiga adolatli soliq solish tizimini joriy qilish ham muhim.

O'zini o'zi band qilganlar va mehnat migrantlari uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, shu jumladan, o'zini o'zi band qilgan sifatida shug'ullanish mumkin bo'lgan faoliyat turlari ro'yxatini kengaytirish, tashkillashtirilgan va tartibli migratsiyani amalga oshirish davr talabidir.

O'zini o'zi band qilganlar uchun faoliyat turlarini kengaytirish yanada moslashuvchan mehnat bozorini yaratishga yordam beradi. Ushbu tashabbus har bir fuqaro o'z salohiyatini ro'yobga chiqarishi va mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo'shishi mumkin bo'lgan yanada inklyuziv va moslashuvchan iqtisodiyotni yaratishga qaratilgan. Bu esa o'z navbatida uzoq muddatli iqtisodiy o'sish va ijtimoiy farovonlikka olib keladi.

 

Tovar va xizmatlar narxlarining maqbulligi

Bozor iqtisodiyoti davrida tovar va xizmatlar narxlarini nazorat qilish biroz mushkul. Shunga qaramay, narx va tariflar ustidan davlat hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Qanchalar qiyin bo'lmasin, tomonlar mas'uliyatini oshirish, me'yorni saqlash borasida qat'iy nazorat o'rnatilmoqda.

Oziq-ovqat ta'minoti aholi farovonligida va inflatsiyani jilovlashda muhim omillardan biri. Shu bois savdo nuqtalari, bozorlardagi narx-navo barqarorligini ta'minlash, xususan, non va non mahsulotlari bahosini sun'iy oshirib yubormaslik bo'yicha tezkor choralar ko'rib borilmoqda.

XDP fikricha, ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlarning narxlarini shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini qat'iy o'rnatish lozim. Bu orqali partiyamiz ehtiyojmand aholi qatlamining kundalik zarur tovar va xizmatlardan foydalanishini ta'minlash uchun kurashadi. Ayni maqsadda aholiga iste'mol krediti foizlari tadbirkorlik uchun taklif etilayotgan biznes krediti foizlaridan yuqori bo'lishi mumkin emasligi belgilab qo'yildi. Ipoteka krediti to'lovi bo'yicha qarzdorlik yuzaga kelganda garovga qo'yilgan ko'chmas mulkni fuqaroga o'ziga qulay narxda sotish imkonini berish, banklar taklif etayotgan kredit mexanizmlari ijtimoiy adolat prinsipiga muvofiq bo'lishini ta'minlash ham muhim masala. Isrofgarchilik holatlarini kamaytirish maqsadida to'y, marosim va boshqa oilaviy tadbirlar uchun ijtimoiy me'yor o'rnatish jamiyat hayotidagi dolzarb masalalardan biriga aylangan.

 

Xalq hokimiyatchiligi va demokratik boshqaruv

XDP ochiq, shaffof, xalqchil va demokratik davlat boshqaruvi tizimini joriy etishni eng maqbul yo'l, deb hisoblaydi.

Parlamentdagi XDP fraksiyasi aholining ijtimoiy kayfiyatiga ta'sir ko'rsatuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining majburiy jamoatchilik muhokamasi va ekspertizasi mexanizmini yaratishni ko'zlagan.

Shu asosda aholining zaif qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya qilish tartibi va darajasini o'zgartiradigan qarorlarni jamoatchilik roziligisiz qabul qilinmasligiga erishiladi.

Jamiyatimizda aktual demokratik tendensiyalarni kuchaytirish maqsadida ijro hokimiyati tomonidan muhim ijtimoiy qarorlar qabul qilishda siyosiy partiyalar fraksiyalari va joylardagi partiya guruhlari bilan maslahatlashuvlar o'tkazish institutini joriy etish, davlatning ayrim funksiyalarini bosqichma-bosqich fuqarolik jamiyati institutlariga o'tkazish galdagi vazifalar sirasiga kiradi.

Siyosiy partiyalar, ularning deputatlik birlashmalari huquq va vakolatlarini yanada kengaytirish, parlament va mahalliy Kengashlarga saylovlarda hamda davlat fuqarolik xizmatida "nogironligi bo'lgan shaxslar uchun kvota" joriy etish taklif qilinmoqda. Davlat organlarining mansabdor shaxslari sonini qisqartirish, mansabdor shaxslari faoliyatida hashamatni cheklash, shu jumladan, ularning faoliyatida hashamatni ko'z-ko'z qilish hollarida uni odob-axloqni buzish sifatida intizomiy javobgarlikka tortish amaliyotini yo'lga qo'yish adolatdandir.

 

Qonun ustuvorligi inson huquqlarini amalda ta'minlaydi

XDP qonun ustuvorligi, ijtimoiy tenglik va inson huquqlarini ta'minlash, fuqarolar hamjihatligi va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash tarafdori! Shunga ko'ra, sud mexanizmlarining maqbulligini ta'minlash, qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash, huquqlar, majburiyatlar va imkoniyatlar tengligiga qat'iy amal qilish uchun kurashadi. Bu yo'nalishda ham bir qator muhim takliflar Saylovoldi dasturiga qamrab olingan.

Masalan, kam daromadli fuqarolarning buzilgan huquqlarini himoya qilishda advokatura va yuridik xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta'minlash, bepul maslahat beradigan "yuridik klinika"lar tarmog'ini rivojlantirish, davlat budjeti hisobidan qimmatbaho sovg'alar hadya qilishni taqiqlash, davlat budjeti mablag'larini samarasiz va maqsadsiz ishlatganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish davlat va jamiyat rivoji jadal sur'atga kirishi uchun zamin yaratadi.

 

Ochiq, o'zaro manfaatli va konstruktiv

Xalq demokratik partiyasi O'zbekistonning xalqaro mavqeini mustahkamlash, o'zaro manfaatdorlik va teng huquqlilik asosida hamkorlikni faol qo'llab-quvvatlaydi. Ushbu yo'nalishda yaxshi qo'shnichilik, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash tamoyillari asosida, avvalo, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarni rivojlantirishga yo'naltirilgan tashabbuskor tashqi siyosatni izchil davom ettirish ustuvor ahamiyatga egadir.

Xorijda mehnat qilayotgan, shunday istakda bo'lgan vatandoshlarimiz huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish ham aktual vazifalardan sanaladi.

Dasturning tashqi siyosatga oid qismida yangi fikrlarni, yondashuvlarni ko'rish mumkin. Masalan, chet davlatlarga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarga yengillik yaratish maqsadida "ishchi viza" hujjatlarini rasmiylashtirilishiga ko'maklashish markazini ochish pirovardida hamyurtlarimiz huquq va manfaatlari himoyasiga xizmat qiladi.

Qurultoyda partiya Saylovoldi dasturidagi yo'nalishlar, takliflar birma-bir ko'rib chiqildi. Asosiysi, Xalq demokratik partiyasi ham, deputatlikka nomzodlar ham sog'lom raqobat va sharafli kurashga tayyor.

Partiyaning ustuvor maqsad, g'oyalari hamda ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi manfaatlari bilan bog'liq salmoqli takliflar bilan tanishgan qurultoy delegatlari Xalq demokratik partiyasining yangi Saylovoldi dasturini tasdiqladi.

Qurultoyda partiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov uchun tashkil etilgan bir mandatlik 75 ta okrugdan 75 nafar nomzod ilgari surildi, shuningdek, proporsional tizim bo'yicha 100 kishilik partiyaviy ro'yxat ham keltirildi.

Nomzodlarning 47,4 foizi ayollardan iborat bo'lib, barcha 175 nafar nomzod oliy ma'lumotga ega, ularning 8 foizini huquqshunoslar, 13 foizini iqtisodchi, 6 foizini muhandis, 9 foizini tibbiyot, 31,4 foizini pedagoglar, 32,6 foizini boshqa soha vakillari tashkil etadi. Shuningdek, nomzodlarning 18 nafarida fan nomzodi (PhD) va 15 nafarida fan doktori (DSc) ilmiy darajasi mavjud.

Delegatlar nomzodlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi tajribasi, turli sohalardagi fidoyi mehnati, yuqori malakali mutaxassis, partiyaning asosiy g'oyasi uchun kurasha oladigan shaxslar ekanini qayd etib, deputatlikka nomzodlarni qo'llab-quvvatlash haqida yakdil qaror qabul qilishdi.

Partiya ham, deputatlikka nomzodlar ham aniq pozitsiyada:

"Biz – har bir inson farovonligi tarafdorimiz! Va bu yo'lda qat'iy kurashamiz!".

 

Qo'sh sahifani "O'zbekiston ovozi"

muxbiri Laziza SHEROVA tayyorladi.

"O'zbekiston ovozi", 11.09.2024, №36

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Qurultoy Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish