Barcha uchun adolatli bo‘lgan pensiya ta’minoti tizimining joriy etilishi dolzarb ahamiyatga molik
Barcha uchun adolatli bo‘lgan pensiya ta’minoti tizimining joriy etilishi dolzarb ahamiyatga molik

 

Har kim keksayganida ulug‘ yosh gashtini surish, mehnatiga yarasha pensiya olish huquqiga ega. Biroq bugungi kunda 1980 va undan oldingi yillarda hamda 2005 yilgacha bo‘lgan davrda sobiq kolxoz, sovxoz va shirkat xo‘jaliklarida ishlagan fuqarolarning mehnat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan talay muammolar ro‘y bermoqda.

Gap shundaki, yurtdoshlarimizning sobiq jamoa, davlat va shirkat xo‘jaliklarida ishlaganliklari to‘g‘risidagi hujjatlar aksariyat holatlarda arxivga topshirilmagan yoki yo‘qolgan. Buning oqibatida sobiq jamoa, davlat va shirkat xo‘jaliklarida mehnat faoliyatini 2005 yilga qadar yuritgan aksariyat fuqarolarga ishlangan vaqtning amalda davom etgan davridan kelib chiqilgan holda past miqdorda pensiya tayinlangan.

Sobiq ittifoq davrida jamoa xo‘jaligida 1980 yilda erkaklar uchun 220 kun, ayollar uchun 160 kun mehnat minimumi o‘rnatilgan. Lekin ular pensiyaga chiqishda o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan (yo‘qolgani yoki arxivda mavjud emasligi sababli) ish faoliyati to‘g‘risidagi ma'lumotni taqdim qila olishmagan.

Bunday hollarda amaldagi qonunchilikka binoan, erkak kishi uchun 220 kun bir yil mehnat staji sifatida emas, balki 7 oyu 10 kun sifatida hisobga olingan. Ayollarga esa 160 kun 5 oyu 10 kun sifatida hisoblangan. Vaholanki, qonunchilikka ko‘ra, qishloq xo‘jaligida ishlagan erkaklar uchun 220 kun, ayollar uchun esa 160 kun bir yillik staj sifatida hisoblanishi shart. Ishlangani haqida ma'lumot saqlanmagani yoki umuman yo‘qligi uchun fuqaro javobgar bo‘lishi adolatdan emas. Bu bir vaqtlarda jamoa xo‘jaligida mehnat qilgan fuqarolarning manfaatlari cheklanishiga, boshqa sohalarda faoliyat olib borganlarga nisbatan 2-3 barobar kam pensiya hisoblanishiga olib kelmoqda. Oqibatda qishloq xo‘jaligida mehnat qilgan fuqarolarga o‘sha vaqtlarda boshqa sohalarda ishlagan kishilar, aytaylik, tengdoshlariga nisbatan 2-3 barobar kam pensiya hisoblangan.

Xalq demokratik partiyasining saylovoldi dasturida ilgari surilayotgan takliflardan biri mazkur kamchilikni tuzatish, qishloq xo‘jaligida ishlagan yurtdoshlarimizning huquqini himoya qilish, mehnatini munosib baholashdir. Bu maqsad, shubhasiz, katta e'tiborga sazovor.

Xulosa tariqasida qayd etish o‘rinliki, 2005 yilga qadar sobiq jamoa va shirkat xo‘jaliklarida ishlagan fuqarolarning o‘sha vaqtda me'yor hisoblangan mehnat staji to‘liq yillik staj sifatida inobatga olinishi haqida umummilliy hujjat loyihasini ishlab chiqish lozim. Bu ming-minglab yurtdoshlarimizning mehnatini qadrlash, ularning huquqlarini himoya qilish nuqtai nazaridan juda katta ahamiyatga molik, deb o‘ylayman.

XDP partiyasi tomonidan ilgari surilayotgan ushbu tashabbus o‘ta dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan muammo, deb o‘ylayman. Uning hal qilinishi, ya'ni yoshi kattalarga hurmat ko‘rsatilishi milliy qadriyatlarimizga mosdir. Bu keksalarga munosib turmush sharoitini yaratishga, ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashlariga xizmat qiladi.

 

Farhod Primov,

yuridik fanlari doktori.

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish