Davlat — tadbirkorga, tadbirkor xalqqa madadkor
Davlat — tadbirkorga, tadbirkor xalqqa madadkor

 

Avvallari turli tekshirishlar, noqonuniy faoliyat aniqlansa, keskin jazolash choralari sabab uncha-muncha kishi tadbirkorlik qilishga cho‘chirdi. Masalan, ilgari kredit, bozor topish, infratuzilma bilan bog‘liq muammolar, tinimsiz “tekshir-tekshirlar” sababli 60 foiz yangi tadbirkorlar faoliyati birinchi yilning o‘zidayoq to‘xtab qolardi.

2016-yildan boshlab mamlakatimizda tadbirkorlarga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi. Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridayoq ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berdi.

So‘nggi yillarda sohaga doir qabul qilingan ko‘plab qonun, farmon va qarorlar, yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida bugun uch yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi 76 foizni tashkil etadi. Ya'ni, 300 mingta korxona muttasil faoliyat olib bormoqda. Eng muhimi, ularning soni yildan-yilga tobora kengayyapti.

Bugun tadbirkor davlat himoyasida va uning faoliyatiga hech kim aralasha olmaydi, to‘siq qo‘yolmaydi. Yurtimizda sohaga bo‘lgan e’tibor oshib, tadbirkorlar bilan ishlashda soliq organlarining faoliyati va munosabati o‘zgardi, ularga moliyaviy resurslar ajratish tizimi yengillashtirildi. Natijada yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan 100 milliard so‘mgacha bo‘lgan o‘rta korxonalar soni 2 karra ko‘paydi. Aylanmasi 100 milliard so‘mdan ortiq yirik korxonalar soni esa 2 ming 200 dan oshdi. Bu ham – o‘tgan yilga nisbatan 2 baravar ko‘pdir.

Yaratilgan sharoitlar, berilgan imkoniyatlar iqtisodimiz rivojlanishiga ham turtki bo'ldi. Jumladan, O'zbekiston yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollardan oshdi. Joriy yilning olti oyida to'g'ridan to'g'ri xorijiy investitsiya hajmi o'tgan yilga nisbatan 2 karra o'sib, 14 milliard dollarga yetdi.

To‘rt yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti ularni davlat rahbariga o‘zini qiziqtirgan savollarini berish, biznesni yanada rivojlantirish borasidagi o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashish imkonini bermoqda.

Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan bu galgi ochiq muloqot ham avvalgi yillarga nisbatan ko‘tarinki ruhda o‘tgani va amaliy tashabbuslarga boy bo‘lgani bilan ahamiyatlidir. Unda shu paytgacha erishilgan yutuqlar tahlil qilindi. Kelgusi rejalar, yangi imkoniyatlar haqida batafsil fikr almashildi. Tadbirkorlarga yanada keng imkoniyat yaratish maqsadida muhim yo‘nalishlar belgilab olindi. Masalan, birgina biznes uchun to‘siq va g‘ovlarni yanada qisqartirish bo‘yicha belgilangan vazifalar diqqatga sazovor.

Bu borada tadbirkorlik uchun to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida aholining hayoti va sog‘lig‘iga haqiqiy xavf soluvchi mezonlar reyestri ishlab chiqilishi, unda yo‘q mezon bo‘yicha tadbirkor faoliyatini to‘xtatgan mansabdor javobgarlikka tortilishi odamlarda biznesga bo‘lgan ishtiyoqni yanada oshirishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Bilamizki, avval aynan soliqdan qochish uchun tadbirkorlar korxonasini bankrot, deb e’lon qilardi. Buni ishbilarmonlar bilan suhbatlashgan, ularning dardiga quloq tutgan odam borki, yaxshi biladi. Mazkur holatga qonun ustuvorligini ta’minlash, ayni paytda ishbilarmonlarga yengillik berishdek oqilona yo‘l orqali chek qo‘yildi.

Bugungi kunda davlat rahbarining shaxsan o‘zi tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning muammolarini tinglayotgani, taklif va tavsiyalarini eshitayotgani odamlarda tadbirkorlik qilishga katta ishonch uyg‘otdi. Endilikda odamlar avvalgidek bankma-bank kredit olish uchun sarson-sargardon bo‘lib yurmaydi. Ularda biznesni boshlash uchun xohish bo‘lsa bo‘ldi.

Ayni chog‘da “Mahalla yettiligi” tizimi joriy qilingani qanchalik uzoqni ko‘zlab qilingan ish ekanligini bugun hammamiz ko‘rib, amalda buning ishtirokchisiga aylanib turibmiz. Hozir yurtimizning qay bir go‘shasiga bormang, mahallalarda issiqxona deysizmi, asalarichilik yoki xizmat ko‘rsatishmi, hamma-hammasi shu yerning o‘zida bor. Pirovardida odamlar mahallaning o‘zida biznesini yo‘lga qo‘yib, oilasi daromadiga o‘z ulushini qo‘shyapti.

Darhaqiqat, bugun Yangi O‘zbekistonda tadbirkorlik qiladigan zamon keldi, deya baralla ayta olamiz. Hozir davlat — tadbirkorga, tadbirkor esa xalqqa madadkor bo‘lmoqda. Bu, o‘z navbatida, aholi bandligini oshirish, odamlarning yashash sharoitlarini yaxshilash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirishga zamin yaratyapti.

Davlatimiz rahbari tomonidan shu yil 30-avgust kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida"gi Qonun esa Yangi O‘zbekistonda biznes vakillariga bo‘layotgan yuksak e’tibor va katta rag‘batning yorqin ifodasi bo‘ldi.

Aytish mumkinki, mazkur hujjat innovatsiyalar joriy qilish, eksport qilish va yetuk mutaxassislar tayyorlashda barchaga namuna bo‘ladigan hamda jamiyatimiz hayotining turli sohalarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan tadbirkorlarni tizimli taqdirlash imkonini beradi. Bunday e’tirof va rag‘batlar ularda daxldorlik hissini oshiradi, o‘ziga ishonch va ildam qadamlar bilan halol mehnat qilishiga zamin yaratadi.

Umuman olganda, mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo'shadigan, aholining doimiy ko‘makchisi va suyanchig'iga aylangan tadbirkorlarni alohida rag'batlantirish institutining shakllangani juda to'g'ri va o‘rinli bo'ldi, deb o‘ylayman. Bu, o‘z navbatida, biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlash barobarida, ularning o‘z faoliyatlarini yanada kengaytirish va yangi loyihalarni ro‘yobga chiqarishlarini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Mavjuda HASANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish