“E-xabar berish” tizimi joriy etiladi
“E-xabar berish” tizimi joriy etiladi

Soʼnggi yillarda oziq-ovqat xavfsizligi masalalari Oʼzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatida markaziy oʼrinlardan biri boʼlib, mamlakat uchun oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalasi jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy holatini barqaror rivojlantirish, fuqarolarning sogʼligʼi va hayotini yaxshilash, milliy xavfsizligi va mamlakat mustaqilligini barqaror saqlashning asosiy yoʼnalishlaridan biriga aylandi. Ichki va tashqi bozorda ijtimoiy ahamiyatga ega asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga boʼlgan talabning yildan-yilga ortib borishi va bu ehtiyojni qondirish hamda respublikaning eksport salohiyatini oshirish uchun mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini koʼpaytirish talab etilmoqda.





Oʼzbekiston aholisi soni hozirgi kunda 37 mln kishiga yaqinlashgan boʼlib, yillik oʼrtacha 2 foiz oʼsish kuzatilmoqda. 2030 yilga kelib
bu koʼrsatkich 43 mln kishini tashkil qilishi prognoz qilinmoqda. Bu esa, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʼlgan talabi 1,2 baravar oshishini koʼrsatadi. Bu oʼz navbatida, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga boʼlgan eʼtiborni keskin oshirish lozimligini anglatadi.
Qonun loyihasi 6 ta bob va 26 ta moddadan iborat boʼlib, unda oziq-ovqat xavfsizligi boʼyicha umumiy qoidalar, ushbu sohani davlat tomonidan tartibga solish, xavfsiz oziqlanishga erishish, oziq-ovqat xavfsizligida axborot taʼminoti, shuningdek, yakuniy qoidalarni belgilash nazarda tutilgan.
Deputatlar Qonun loyihasini muhokama qilar ekanlar, uning muhimligini, oziq-ovqat havfsizligi bilan bogʼliq masalalar qonun bilan belgilanishi partiya elektorati manfaatlariga xizmat qilishini alohida taʼkidlab oʼtdilar. Qonun bilan Qishloq xoʼjaligi vazirligi oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida vakolatli davlat organi etib belgilanmoqda.

 



Vakolatli davlat organiga qator vazifalar yuklatilayotgan boʼlib, ushbu sohani rivojlantirish boʼyicha qisqa, oʼrta va uzoq muddatli vazifalarni amalga oshirishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, blokcheyn texnologiyasi yoki boshqa raqamli texnologiyalardan foydalangan holda oziq-ovqat mahsulotlarini butun qiymat zanjiri boʼylab kuzatish imkonini beruvchi izma-iz nazorat qilish tizimini takomillashtirish boʼyicha hukumatga taklif ishlab chiqish shular jumlasidandir. Qonun loyihasi birinchi oʼqishda kontseptual jihatdan maʼqullandi. Bildirilgan fikr-mulohalar va takliflar ikkinchi oʼqishda atroflicha muhokama qilinishiga kelishib olindi.
Fraktsiya yigʼilishida shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasining “Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslarning yashash joyi boʼyicha roʼyxatdan oʼtishi va turar joyi boʼyicha xabardor qilishi tartibi toʼgʼrisida”gi Qonuni loyihasi muhokama qilindi.
Loyiha bilan Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslarning Oʼzbekiston Respublikasi hududida erkin harakatlanishi, yashash joyi va kelgan joyni tanlash boʼyicha konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash maqsadida ularning doimiy yashash va vaqtincha roʼyxatga olish tartiblari soddalashtirilmoqda.
Qonun loyihasi doirasida “E-xabar berish” tizimi joriy etilishi koʼzda tutilgan. Taklif etilayotgan Qonun loyihasining qabul qilinishi orqali aholining erkin harakatlanishiga oid konstitutsiyaviy huquqi taʼminlanib, huquqni qoʼllash amaliyotida ortiqcha byurokratiyaning hamda korruptsion holatlarning oldini olishga erishiladi.

← Roʻyxatga qaytish