«O‘ZBEKISTONNING TAYANCH TOG‘LARIDAN BIRI»
«O‘ZBEKISTONNING TAYANCH TOG‘LARIDAN BIRI»

Yoki farg‘onaliklarning ibratli ishlari va tashabbuslari haqida

Har bir shahar yoki viloyatga ta’rif berilganda uning o‘ziga xos jihatlari e’tirof etiladi. Ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand, Buxoroi sharif, Toshkent sharq darvozasi...

Farg‘onaga «go‘zal» so‘zi qo‘shib aytiladi. Bu so‘z chindan-da Farg‘onaga munosib, Farg‘onaga yarashadi. «Go‘zal Farg‘ona» bu nomni eshitishimiz bilan bahri dilimiz ochiladi. Go‘zal Farg‘onaning so‘lim bog‘lari, ko‘rkam qishloqlari va shaharlari ko‘z o‘ngimizga keladi. Tepasida doimo qor turadigan, bag‘ri zangori gilam bilan qoplangan, poyida zilol suvlar sharqirab oqayotgan, rang-barang gullar qiyg‘os ochilgan, ming xil shifobaxsh giyohlar termilib turgan, bulutlardan bo‘sa olmayotgan purviqor tog‘lar...

Juda qadim kitoblarda nomlari qayd etilgan Marg‘ilonu Qo‘qonning shonli o‘tmishi, sinovlarga to‘la kechmishi, dunyoga ma’rifat ulashgan zamonlari, mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari... Eh-he... Farg‘onaning ta’rifi, tabiati bir yon, odamlari bir yon. Asl farg‘onaliklarning kiyinishi, yurish-turishi, gap-so‘zi ham o‘ziga xos. Do‘ppisiga qarab farg‘onalikni darrov tanib olasiz. Yoki xushmuomalasidan, istarasi issiqligidan yoki «jijga» degan shevasidan bilasizki, bu inson farg‘onalik...

Farg‘onada keyingi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, qishloq xo‘jaligi va sanoatda erishilayotgan yutuqlar, odamlar turmushini farovonlashtirish, ijtimoiy himoyasini ta’minlash maqsadida ko‘rsatilayotgan tashabbuslar va ayniqsa, Marg‘ilonda o‘tkazilgan xalqaro folklor musiqa festivali, so‘ngra Qo‘qonda o‘tkazilgan xalqaro hunarmandlik festivali barchamizga quvonch bag‘ishladi.

...O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi va Farg‘ona viloyati hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan media-tur ishtirokchilari Qo‘qon temir yo‘l vokzalida farg‘onalik ijodkorlar va jamoatchilik tomonidan xushnudlik bilan kutib olindi. Hamrohlarimizning o‘zaro gurunglaridan ma’lum bo‘ldiki, kimdir uzoq yillardan so‘ng yaqinda bu shaharda bo‘lgan o‘zgarishlardan lol qolgan, kimdir 3-4 yil ilgari kelgani, ammo shahar o‘zgarib ketganini aytadi. Darhaqiqat, keng va ravon ko‘chalarni, yo‘l chetidagi turfa gullar, tartib bilan shakl berilgan, daraxtlarni ko‘rib, ko‘z quvnaydi. Bir-biridan muhtasham binolarga qarab, Qo‘qonning mustaqillikning boshidagi ahvoli xotiraga keladi. Yer bilan osmoncha farq bor. Odamlar qanchalik g‘amga botib, bosh egib yurganidek, bu qadim ko‘ksi yaro shahar ham g‘aribona ko‘rinishda edi. Bugun odamlarning chehrasi ochiq, yuzida tabassum bo‘lganidek shahar ham chiroy ochgan, go‘zal-ko‘rkam...

Avtobusga chiqqanimizda «Allomalar muzeyi»ga borishimiz e’lon qilindi. Shaharning husniga zavqlanib-zavqlanib tikilib, ko‘nglimizda Qo‘qondek mo‘tabar, go‘zal shahrimiz borligidan g‘ururlanib, aytilgan manzilga yetib keldik. Keng va ravon yo‘lning o‘ng tomonida «Allomalar muzeyi», chap tomondagi 5-qavatli zamonaviy uyning peshtoqida «San’atkorlar uyi» degan yozuvga ko‘zimiz tushdi. Ma’lum bo‘lishicha, muzey yonginasida Qo‘qon drama teatri joylashgan ekan. Bu uy Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra qurilib, teatrda xizmat qilayotgan san’atkorlarga bepul berilgan. Beixtiyor quvonasan, kishi. San’at, teatr, madaniyat kishilariga ko‘rsatilgan bu e’tibor va g‘amxo‘rlik zamirida katta ma’no-mazmun bor, albatta.

«Allomalar muzeyi» ichkarisiga qadam qo‘yishingiz bilan ruhingizni ajib bir his-hayajon chulg‘ab oladi. Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur, Muqimiy, Uvaysiy, Nodira kabi ulug‘ ajdodlarimiz siymosiga tikilib, xayolga cho‘masiz, faxr-iftixor qilasiz. Ayni chog‘da ular oldida qarzdorligingni, ularga munosib bo‘lish mas’uliyatini anglaysan. Bu muzey kishiga bilim beradi, huzur bag‘ishlaydi, katta orzu-niyatlarga da’vat etadi.

Qo‘qondagi o‘zgarish va yangilanishlar bilan yaqindan tanishish uchun bir kun yetmasligini aytishdi.

Media-tur dasturiga ko‘ra, Qo‘qondan to‘g‘ri Rishtonga kulolchilar maskaniga yo‘l oldik.

Rishtonliklar qadimdan kulolchilikni hunardan san’at darajasiga olib chiqishgan. Bu yerda kulolchilikning rivojlanishini tuproq bilan bog‘lashadi. Tuproq mayin, tarkibi o‘ziga xos. Bir zamonlarda viloyatning turli hududlaridan kulollar kelib, Rishtondan tuproq olib ketishgan. Keyinchalik shu yerning o‘zida kulolchilik rivojlanib borgan. Hozir tumanda mingdan ziyod oilaviy ustaxonalar bor bo‘lib, yetti ming nafardan ortiq kishi ishlaydi. Ularning har biri uchun mehnat daftarchasi yuritiladi.

Ustaxonalardan biriga kirdik, ikki qavatli binoning birinchi qavatida oddiy tuproq va suvdan choynak, piyola, kosa, lagan, guldon o‘nlab xil buyumlar yasalmoqda... Farhodjon degan usta yigitning qo‘llari chaqqon-chaqqon harakatlanadi, ko‘z o‘ngimizda bir zumda choynakning asosini yasadi. Qizlardan biri Zargul choynak jo‘mragini yasamoqda. Gulnora, Nilufar, Mahliyo va Obida choynak-piyolaga gul solmoqda. Ranglar qayerdan olingani bilan qiziqdik. «Bu ranglarda kimyo yo‘q, daraxtlar po‘stlog‘i, barglar, gullar, mevali daraxtlar danaklaridan ranglar olinadi», deyishdi. Yana qo‘shimcha qilishdi: «Bizning chinnilarning Xitoynikidan farqi – biz tabiiy ranglardan foydalanamiz, barcha ishlarni qo‘lda bajaramiz. Xitoyda asosiy ishlarni texnika bajaradi.

Ikkinchi qavatga ko‘tarilamiz, Oh-ho.. ko‘z qamashadi. Biri-biridan nafis, go‘zal turli-tuman chinni, sapol buyumlar... Har birini san’at asari deysiz. Bu ustaxona mahsulotlari 24 mamlakatga eksport qilinar ekan. Dili pok, qo‘li pok, qalbida samimiyat, go‘zallik yashagan kishilar bunday asarlarni yaratishi mumkin. Aytishlaricha, hozir Farg‘onaga kelayotgan xorijiy turistlarda bunday ustaxona katta qiziqish uyg‘otib, buyumlarni ishtiyoq bilan xarid qilishar ekan.

Yaqin o‘tmishda hunarmandlar tazyiqqa uchragan davrlar yodga tushadi, ular yashirincha qo‘rqib ishlashardi. Qo‘lga tushganlar, jarimaga tortilardi, buyumlari tortib olinardi. Endi hunarmandchilikni, xususan, kulolchilikni rivojlantirish bo‘yicha qarorlar chiqmoqda, hunarmandlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ular zavq bilan mehnat qilishmoqda. Yana bir jihati, hunarmandchilikni rivojlantirish bilan yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, mahsulot chet elga eksport qilinmoqda. Hunarmandlar ustaxonalari turizm yo‘nalishlariga kiritilmoqda. Bularning hammasi faqat foyda keltiradi, odamlar manfaatiga xizmat qiladi.

Shuni alohida aytish kerakki, Rishton nafaqat kulolchilik, balki boshqa sohalarda ham quvonarli yutuqlarga erishmoqda. Bozor yangitdan qurildi, bozor ichida kitob do‘koni ochilgani ibratli tashabbus bo‘ldi. G‘alla va paxtadan mo‘l hosil olinmoqda, bunyodkorlik ishlari avjida. Yo‘llar ta’mirlandi, uy-joylar qurildi, kanalizatsiya o‘tkazildi, elektr tarmoqlari yangilandi. Ximiya va matematika chuqur o‘rgatiladigan xususiy maktab, sherikchilik asosida maktabgacha ta’lim muassasasi qurildi. Ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Ko‘p qavatli uylar qurilmoqda...

Bir so‘z bilan aytganda, Rishtonning qiyofasi butunlay o‘zgarib, shahar tusini oldi. Bu o‘zgarishlar, tabiiyki, odamlarning hayoti, davlatga bo‘lgan munosabatini ham o‘zgartirmoqda...

Oltiariq tumanidagi fermer xo‘jaligi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Lola Murodovaning dala shiyponida uchrashuv bo‘lishini eshitib, hammamiz birdan quvondik. Chunki joriy yilda bu yuksak mukofotga sazovor bo‘lgan Lola Murodova haqida ko‘p yaxshi gaplar eshitgan edik. Uning o‘zi bilan uchrashib, yuzma-yuz suhbatlashish har birimiz uchun qiziqarli edi, albatta.

Bag‘dod tumani dalalaridan o‘tib, Oltiariqqa boryapmiz. Bodringi, turpi bilan mashhur Oltiariq dalalarida, yo‘llar bo‘yida batartib ishlov berilgan uzumzorlarni ko‘rdik. Erta bahorda paxta, bug‘doy yerlaridan 3000 gektari qisqartirilib, uzumzor tashkil etilibdi. Yana deng, uzumning eng yaxshi navlari yetishtirilmoqda – «Kelin barmog‘i», «Rizamat ota», «Ketmonsopi»... Uzumchilik serdaromad sohaga aylanib bormoqda.

To‘g‘risi, Lola opa bilan uchrashuvdan asosiy maqsad ijodkorlar bir bo‘lib, uni qahramonlik unvoni bilan tabriklash, so‘ngra bugungi ishlari, rejalari haqida o‘zidan eshitish edi.

O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakim, xalq shoiri Anvar Obidjon, O‘zA Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad, taniqli tilshunos olim, professor Nizomiddin Mahmudov va bir guruh bosh muharrirlar, jurnalistlar, shuningdek, bizga hamrohlik qilgan farg‘onalik mashhur ijodkor, Senator, xalq shoiri Enaxon Siddiqova, Farg‘ona viloyati jurnalistlari uyushmasi raisi Muhammadjon Obidov kabi ijodkorlarni ko‘rib, qahramonimiz xursandchiligini yashirmadi.

Media-tur a’zolari nomidan so‘zga chiqqan Anvar Obidjon, «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad Lola Murodovani qahramonlik unvoni bilan tabriklashdi, ko‘plab xayrli ishlarini e’tirof etishdi, xirmoniga baraka tilashdi.Qahramonimiz xo‘jaligi 300 gektar, 410 nafar kishi mehnat qiladi. 95 gektar yerda paxta yetishtirilgan. Ikkinchi terim tugamay, reja oshirib bajarilgan. Mo‘ljal – rejani 150 foiz qilib bajarish.

– Yerning yomoni bo‘lmaydi, cho‘lmi, qumloqmi, inson qo‘liga, mehnatiga bog‘liq, – dedi Lola Murodova. – Yerga xiyonat qilmasang, Xudo ham berarkan.

Bu so‘zlar halol mehnatidan baraka topib, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan qahramonning hayotiy xulosalari.

Farg‘ona viloyati Tadbirkorlar markazi majlislar zalida xalqaro matbuot markazi viloyat bo‘limi rahbari Muhammadjon Obidov boshchiligida «So‘z erkinligi mas’uliyati» mavzusida tadbir o‘tkazildi. Mahalliy jurnalistlar ishtirok etgan bu muloqot qizg‘in bahs-munozara bilan o‘tdi. So‘z erkinligi, fikr erkinligi bo‘yicha tanqidiy fikrlar aytildi, takliflar bildirildi. So‘z erkinligini suiiste’mol qilish, qonunlarga e’tiborsiz qarash noma’qul yondashish ekani aytildi. Tanqid xolis, asosli, madaniyatli bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

«Vodiy tulporlari» ot kompleksida juda qiziqarli ma’lumotlarni eshitdik. Qaysi bir asrlarda Xitoy imperatori elchisi tomonidan Farg‘onaning qora bayir otlaridan bir nechtasi Xitoyga olib ketilib, ko‘paytirilgan ekan. Hozirda Pekin va Urumchidagi ot zavodlarida qora bayir otlari yetishtirilar ekan.

Bugun Farg‘onaning o‘zida ham bu noyob otlarni ko‘paytirish yo‘lga qo‘yilgan. 8 gektar maydonda otlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, 48 ta ot boqilmoqda. Toy 4 yilda ot bo‘larkan, 10-12 yoshda kuchga to‘larkan. Bu otlar sport klublariga, chegarachilarga, Milliy gvardiyaga yetkazib beriladi.

Qisqa ikki kun orasida ko‘rgan, bilganlarimizning hammasini bir maqolada aytish qiyin, albatta. Ammo bizning iltimosimiz bilan viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida tayyorlangan ma’lumotnomalardan ayrim raqamlarni keltirmasak bo‘lmaydi.

2019 yil sentabr oyi yakuni bilan 23724,8 milliard so‘mlik yalpi hududiy mahsulot yaratilib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 106,1 foizga o‘sgan. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi (14348,2 milliard so‘m) 107 foizni, iste’mol mollari (4557,7 milliard so‘m) 108,7 foizni, qishloq xo‘jaligi yalpi mahsuloti (13767,9 milliard so‘m) 104 foizni tashkil etdi. Hisobot davrida yalpi hududiy mahsulotda kichik biznesning ulushi 67,6 foizdan iborat bo‘ldi.

Qaysi sohani olmang, o‘sish, rivojlanishni ko‘rasiz. Ayniqsa, tashqi iqtisodiy aloqalarda erishilgan natijalar kishini quvontiradi. Viloyatnig tashqi savdo aylanmasi o‘tgan 9 oy mobaynida 1037,2 million AQSh dollarini tashkil etdi. Shundan eksport – 436,1 million AQSh dollari, import 601,1 million AQSh dollaridan iborat bo‘lmoqda.

Eksportga rasmiylashtirilgan tovarlar hajmi 408, 6 milllion AQSh dollarini tashkil etdi va o‘tgan yilga (403,7 million AQSh dollari) nisbatan 409 million AQSh dollariga yoki 11,5 foizga ko‘paydi. Hisobot davrida 22,7 million AQSh dollari qiymatidagi sanoat mahsulotlari 28 davlatga eksport qilindi. Eng katta ulushni Rossiya, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston davlatlari tashkil etdi. Asosan neft mahsulotlari, xo‘jalik mollari, paxta sellyulozasi kabi tovarlar eksport qilindi.

Dehqonchilikda farg‘onaliklardan o‘tadiganini topish qiyin. Uzummi, bodringmi, turpmi, gilosmi – qaysi navlarini ekish, yetishtirishni ulardan o‘rganish kerak.

Bu yil paxtachilikda ham farg‘onalik dehqonlar ibrat ko‘rsatishdi. 26 ish kunida reja bajarilgan. Nimaning hisobiga bu yutuqqa erishildi? Viloyatdagi jami 82,1 ming gektar paxta maydonlarining 9 tumandagi 63,2 ming gektari (77 foiz) 9 ta paxtachilik klasteriga biriktirib berildi. 2800 gektar maydonda g‘o‘zani tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi.

Olim va mutaxassislar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, klaster korxonalar takliflari hududlarning tuproq iqlim sharoiti, suv ta’minoti hisobga olinib, chigit navlari tanlandi. «S – 8290», «Namangan –77», «Sulton», «S– 6524» navlari ekildi. G‘o‘za parvarishidan boshlab yig‘im-terim ishlarigacha aniq reja asosida olib borildi... Ularning hammasini borib ko‘rish, o‘rganish, ibrat olish kerak, deb o‘ylaymiz.

Eng muhim vazifalardan biri – bandlikni ta’minlash masalasida ham reja oktabr oyigacha 105,8 foizga bajarilgan. Ya’ni, yanvar-sentabr oylari davomida 30431 yangi ish o‘rni tashkil etish belgilangan bo‘lib, 8268 loyihani amalga oshirish natijasida 32190 ish o‘rni yaratilgan.

Bir paytlar tuman yoki viloyat rahbari faoliyatiga paxta va g‘alla rejasi qanday bajarilganiga qarab baho berilardi. Aniqrog‘i, bu ikki masala hokimlar taqdirini hal etardi. Endi zamon o‘zgardi, siyosat o‘zgardi, hokimlarga talab ham o‘zgardi, kuchaydi.

Eng birinchi savol: odamlarni hayotdan rozi qilish uchun qanday sharoit va imkoniyatlar yaratildi? Inson manfaati bilan bog‘liq Davlat dasturlari qanday bajarilmoqda? Bu savollarga Farg‘onada ijobiy misollar ko‘plab topiladi. Har bir sohada rivojlanishni ko‘rasiz. Bu yutuqlarga o‘z-o‘zidan erishilmagan, albatta. Har bir raqam ortida qanchalab kishilarning fidoyi mehnati yotipti.

Farg‘onadan qaytayotib, o‘yladik: farg‘onaliklar qadim-qadimdan san’at sohasida ham ibrat ko‘rsatib kelishgan. Yusufjon qiziq Shakarjonov, Usta Olim Komilov, Muhiddinqori Yoqubov, Tamaraxonim, Gavharxonim, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Halima Nosirova, Mukarrama Turg‘unboyeva, Saodat Qobulova, Berta Davidova... Bugun ham ularning munosib shogirdlari an’anani davom ettirishmoqda...

Farg‘onalik shoirlar – Muqimiy, Uvaysiy, Nodira, Amiriy, Erkin Vohidov, Anvar Obidjon... Har biri buyuk, ulug‘.

Ilm-fan sohasida ham farg‘onalik olimlarning munosib o‘rni bor. Qanchalab Marg‘inoniylar, Farg‘oniylar yetishib chiqib, o‘lmas asarlar, kashfiyotlar yaratishgan.

Farg‘onalik sportchilar ham dunyo maydonlarida mana-man deganlarni dog‘da qoldirib kelmoqda. Bokschilar Elshod Rasulov, Bektemir Meliqo‘ziyev, velosportchi Sergey Logutin, taekvondochi Akmal Ergashev... Ular ko‘p, yanada ko‘payadi.

Bugun qishloq xo‘jaligida ham, sanoatda ham ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu ulkan yutuqlarning, ko‘p sohalarda peshqadamlikning sabablari nimadaykin? Farg‘onaning tabiatidanmi yoki odamlarining tabiatidanmi? Ehtimol, Farg‘onada o‘zbekona urf-odatlar, qadriyatlar nisbatan ko‘proq saqlanib qolganidadir?.. Har holda bugun farg‘onaliklar ko‘p ishlarda ibrat ko‘rsatishmoqda. Odamlarning chehrasi ochiq, yuzida tabassum. Ko‘ngli xotirjam odamning chehrasi ochiq bo‘ladi. Farg‘onaning go‘zal manzaralari bilan odamlarning yuz-ko‘zidagi quvonch, fayz bir-biriga uyg‘unlashib ketgandek...

Muammolar, qilinajak ishlar ham oz emas, albatta. Bandlik masalasi, aholini uy-joy bilan to‘la ta’minlash, suv ta’minoti, madaniy va sport inshootlari bunyod etish, qishloq xo‘jaligiga innovatsion g‘oyalarni ko‘proq tatbiq etish...

Bular hammasi birma-bir bajariladi, albatta. Farg‘onada bugun shitob bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, dadil qadamlar bunga kishini ishontiradi.

 

Safar OSTONOV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

 
← Roʻyxatga qaytish