QORASUV – KO‘HNA SAMARQANDNING YANGI MAVZESI
QORASUV – KO‘HNA SAMARQANDNING YANGI MAVZESI

O‘zining boy tarixiy va madaniy merosiga ega bo‘lgan ko‘hna Samarqand bugun har jihatdan obod va ko‘rkam maskanga aylandi. Istiqlol tufayli qadimiy osori-atiqalarining o‘z holiga qaytarilishi, yangi-yangi zamonaviy inshootlarning barpo etilishi, ko‘chalarning kengaytirilishi, so‘lim bog‘-rog‘larning barpo etilishi shahar qiyofasini butunlay o‘zgartirib yubordi.

 

Bugun esa qadimiy shaharning yonginasida, Samarqand tumaniga qarashli bo‘lgan 50 gektarlik hududda yangi Qorasuv massivi qad rostladi. Qisqa muddatlarda keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Endi yangi massivda bajarilgan bunyodkorlik ishlari haqida batafsilroq to‘xtalaylik:

2018 yil dasturi bo‘yicha aholi uchun «O‘zshaharqurilishinvest» injiniring kompaniyasi tomonidan jami 32 ta 7 qavatli uy-joy qurildi. Harbiy xizmatchilar uchun «Qishloqqurilishinvest» injiniring kompaniyasi tomonidan jami 12 ta 5 qavatli 3 xonali uy, 1 ta 235 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi va 1 ta yangi maktab binosi barpo etildi.

Ayni paytda ushbu maskanda 2019 yil dasturi bo‘yicha aholi uchun «O‘zshaharqurilishinvest» injiniring kompaniyasi tomonidan jami 13 ta 7 qavatli uy-joy qurilmoqda. Shuningdek, 2019-2021 yillar davomida «Agromir Bilding» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Turkiyaning zamonaviy texnologiyasi asosida monolit usulida jami 72 ta uy-joy qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozir 30 ta uy-joy qurilishi olib borilmoqda.

2019 yilning oxiriga qadar qurib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan 18 ta turar joy binosida quruvchilar qisqa fursat ichida keng ko‘lamdagi ishlarni amalga oshirdi. Zamon talablariga hamohang barpo etilayotgan ushbu turar joy binolari 12-16 qavatdan iborat bo‘ladi. Qurilishda 1 ming 500 dan ziyod ishchi va mutaxassis mehnat qilmoqda.

Ma’lumki, turkiyalik quruvchilar jahon qurilish bozorida o‘ziga xos nufuzga ega. «Agromir Bilding» mas’uliyati cheklangan jamiyatining ushbu mamlakat quruvchilari bilan o‘zaro hamkorligi Qorasuv massivida olib borilayotgan bunyodkorlik jarayonida o‘z samarasini bermoqda. Hozir 150 nafardan ortiq turkiyalik quruvchi-muhandis ko‘p qavatli turar joylarni barpo etishda ishtirok etayotir.

— Bu massivda qurilishi rejalashtirilgan uylar tez va sifatli barpo etiladi. Masalan, 16 qavatli uyni bir oyda qurib bitirish mumkin. Bu binolarning zilzilaga bardoshliligi ham yuqori, — deydi loyiha koordinatori turkiyalik mutaxassis Jeyxun Xuyuktepa. — Davr o‘zgardi, zamonaviy me’morchilik, urbanizatsiya, degan atamalar paydo bo‘ldi. Qorasuv massivida amalga oshirilayotgan qurilish jarayonlarida ham ana shu jihatlarni ko‘rish mumkin. Ya’ni, har bir bino qurilishida hududning keskin kontinental iqlimi, bino xonalarida toza va mo‘tadil havoni ta’minlash hisobga olinmoqda. Binolarning ichi tabiat fasllariga monand qishda issiq, yozda salqin bo‘lishi ta’minlanadi.

Yangi maskandagi ijtimoiy-iqtisodiy jabhalardagi o‘zgarishlar, odamlar turmush sharoiti viloyat hokimligining doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Buni yaqinda viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning ushbu maskandagi yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashayotgan aholi bilan muloqot o‘tkazganligidan ham anglash mumkin.

Dastavval, viloyat hokimi yangi uy-joylarda yashayotgan aholining muammolarini eshitdi. Kimdir yangi qurilgan arzon uy-joylar narxining asossiz ko‘tarilib ketganini aytsa, yana kimdir uyning sifati haqida gapirdi. Yana boshqa kishi mahalladagi bog‘chaning oylik badali juda qimmatligidan shikoyat qildi.

– Quruvchilar uyimizni to‘liq va sifatli qilib bitirmasdan ketdi, – deydi 21-uyning 35-xonadonida yashovchi Sayyora Mahmadiyorova. – Bu ham yetmaganday, uy olishda shartnoma qilayotganimizda uning bir kvadrat metr narxi 2 million 800 ming so‘m, deb aytilgan edi. Ammo bugun bank bizga har bir kvadrat metr uchun 3 million 400 ming so‘mdan to‘lashimizni aytyapti. Turmush o‘rtog‘im o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. O‘zim ishsizman, ikki nafar farzandimiz bor, buncha pulni to‘lashga imkoniyatimiz yo‘q.

– Kimning uyi sifatsiz, chala qurilgan bo‘lsa, tegishli tashkilotlar tomonidan uning holati o‘rganib chiqiladi va ketadigan xarajat uy egasiga albatta undirib beriladi, – dedi viloyat hokimi. – Undirilgan mablag‘ evaziga har kim o‘z uyini ta’mirlaydi. Negaki, bu ish yana quruvchiga yuklatiladigan bo‘lsa, muammo ko‘payaveradi. Shuningdek, shu bugunoq yashayotgan uylaringizni kvadrat metrini aniqlashtirib beramiz va belgilanganidan kam chiqadigan bo‘lsa, umumiy to‘lovdan sizning foydangizga olib qolinadi.

Shundan so‘ng viloyat hokimi fuqarolar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob qaytardi va Qorasuv massivida amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Mazkur massivda ayni paytda 16 qavatli zamonaviy uylar qurilayotgan bo‘lsa, kelasi yildan boshlab 30 qavatli binolar qad rostlay boshlaydi. Shuningdek, mahallada zamon talablari darajasidagi 1500 o‘rinli maktab va davlat-xususiy sherikchilik asosidagi bog‘chalar quriladi. Yaqin yillarda bu hudud yuz ming nafar aholi, kelajakda esa 1 million kishi yashaydigan shaharchaga aylanadi.

 

Abdurasul SATTOROV,

jurnalist.

← Roʻyxatga qaytish