Oila jamiyatning birlamchi bo‘g‘ini hisoblanadi. Shunga ko‘ra, hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, oila fuqarolik jamiyatining tayanch nuqtasi, barqaror va tinch tuzilmasidir. Chunki bu muqaddas dargohda nafaqat inson dunyoga keladi, balki u ma’nan va axloqan tarbiya topadi.
Binobarin, oila er-xotin, ularning bola-chaqalari, eng yaqin tug‘ishganlaridan iborat kishilar guruhi, ya’ni xonadon hisoblanadi. Ayni chog‘da oila kishilarning tabiiy, iqtisodiy, huquqiy, ma’naviy munosabatlariga asoslangan ijtimoiy birligi hamdir.
Oila shunday makonki, unda avlodlar kamol topadi.
Demak, oila jamiyatning tabiiy hujayrasi, ijtimoiy asosidir. Oila qanchalik mustahkam bo‘lsa, jamiyat ham shunchalik mustahkam bo‘ladi va tez rivojlanadi. Zero, jamiyat asosi - oilaning moddiy va ijtimoiy jihatdan mustahkamlanib borishi g‘oyat muhim ahamiyatga ega.
Shu jihatdan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 1994 yildan e’tiboran har yili 15 may kunini “Xalqaro Oila kuni” sifatida nishonlanishga qaror qilgani bejiz emas.
Yangi Konstitutsiyada – davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlab qo‘yildi. Farzandlar tarbiyasi, ularga ta’lim berish, barkamol voyaga yetkazish ota-ona majburiyati sifatida belgilanmoqda.
Oila ishi - shu oila a’zolarining shaxsiy ishi deb, ularni o‘z holiga tashlab qo‘yish bizning davlat va jamiyatimizga yot holatdir. Qashqadaryo viloyatida uch million to‘rt yuz mingdan ziyod aholi 800 tadan ortiq mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydi. Viloyatimizdagi 626 mingdan ortiq xonadonlarda, 784 mingdan ziyod oilalar tinch va farovon yashab kelmoqda. Ularga Konstitutsiyamizda, Oila Kodeksida, boshqa Qonunlar, Farmoyishlar, Qarorlar asosida barcha shart-sharoitlar hamda imtiyozlar yaratib berilgan. Ayniqsa kam ta’minlangan oilalarga, bolalarga, yolg‘iz ayollarga davlat va jamiyat o‘z yordamini ko‘rsatib kelmoqda.
Muzaffar Turopov,
O‘zbekiston XDP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi o‘rinbosari.