Majburiy mehnat javobgarlikka sabab bo'ladi
Majburiy mehnat javobgarlikka sabab bo'ladi

 

O'zbekiston Respublikasi 1992 yildan buyon Xalqaro mehnat tashkilotining a`zosi bo'lib, o'tgan davr mobaynida tashkilotning 10 dan ortiq konvensiyalarini ratifikasiya qilgan. Xususan, Majburiy mehnat, Majburiy mehnatni yo'qotish, Bolalar mehnatining eng yomon formalarini taqiqlash va zudlik bilan choralar ko'rish haqida konvensiyalarga qo'shilgan. Majburiy mehnatga barham berish maqsadida barcha sohalarda qonun hujjatlari qabul qilindi va ular hayotga tatbiq etilmoqda.

Konstitusiyaning 37-moddasida majburiy mehnat va bolalar mehnatining eng yomon shakllaridan foydalanish taqiqlanishi hamda qonunga binoan javobgarlikka sabab bo'lishi belgilanayotgani har bir fuqaroning manfaatlari himoya etilishi, majburiy mehnatning oldi olinishi, ko'zimiz qarog'i bo'lgan farzandlarimizni himoya qilish kafolati mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Yana bir masala. Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasining mamlakatda yangi ish o'rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va shu orqali 2026 yil yakuniga qadar kambag'allikni kamida 2 baravarga qisqartirishga bag'ishlangan 85-maqsadi doirasida “norasmiy ishlayotgan 2,5 million nafar fuqaroning bandligini legallashtirishga yordam berish orqali ularda ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan to'liq foydalanish imkoniyatini yaratish” vazifasi belgilangan.

Konstitusiyamizga mehnat huquqi bo'yicha kiritilayotgan o'zgartirish yoki qo'shimchalar ishchi-xodimlarning mehnat sharoitini yaxshilash uchun huquqiy asos yaratadi. Eng muhimi, norasmiy mehnat munosabatlarini legallashtirish imkoni ortadi. Norasmiy tartibda faoliyat yuritayotgan qanchadan-qancha shaxslar haq to'lanadigan dam olish vaqtiga ega bo'lmagan holda ishlashga majbur bo'lishmoqda. Ko'plab ishchilar himoyasiz, chegaralanmagan vaqt oralig'ida salomatligiga zarar yetgan holda mehnat qilishga majbur holatlar ham yo'q emas. Bosh qomusimizda xavfsiz mehnat sharoiti haqida ko'zda tutilayotgan me`yor esa bu boradagi muammolar hal etilishiga huquqiy asosni kuchaytiradi

Qomusimizda majburiy mehnatdan va bolalar mehnatining eng yomon shakllaridan foydalanish taqiqlanishi hamda qonunga binoan javobgarlikka sabab bo'lishi belgilanayotgani, yuqorida aytilgan boshqa me`yorlar xalqimiz kutgan masalalarga Konstitusiyaviy yechim berayapti, desak xato bo'lmaydi.

 

Nuriddin XOLMATOV,

O'zXDP Jizzax viloyati kengashi raisi,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.

«O'zbekiston ovozi», 20.07.2022, №29

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish