Kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilingan yig‘ilishda keltirilgan fakt-raqamlar mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning muhim natijalarini ham, oldimizda turgan jiddiy vazifalarni ham yaqqol ko‘rsatib berdi.
Yig‘ilishda joylardagi ayrim kamchiliklar ochiq aytildi. Xususan, kambag‘allik va ishsizlikka mas’ul ayrim xodimlarda tashabbus yetishmasligi, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan cho‘chish, muammoga faqat yuqoridan berilgan topshiriq doirasida yondashish kabi holatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Kambag‘allikning sabablari har doim ham bir xil emas. Ishsizlik, kasb va malaka yetishmasligi, moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatining cheklangani, ta’lim va tibbiy xizmatlarga yetarlicha imkoniyat bo‘lmasligi oilaning iqtisodiy ahvoliga ta’sir qiladi. Mazkur omillar o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, kambag‘allikning uzoq davom etishi oila imkoniyatlarini cheklab borishi mumkin.
Kambag‘allik bilan ishlashda yangi tizimga o‘tish bo‘yicha belgilangan vazifalar shu nuqtai nazardan hayotiy muhim ahamiyatga ega. Har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etilishi, banklar va bandlikka ko‘maklashish idoralarining jarayonga bevosita jalb qilinishi, hokimlarning haftasiga uch kunni kambag‘allik va bandlik masalalariga bag‘ishlashi muammoni joylarda doimiy e’tiborda ushlab turish imkonini beradi.
Kredit tarixida kechikishi bo‘lgan ehtiyojmand aholining loyihalarini alohida o‘rganib, ularni imtiyozli moliyalashtirish imkoniyati yaratilayotgani e’tiborga loyiq. Moliyaviy qiyinchilikka bir marta duch kelgan insonni iqtisodiy faollikdan chetlatib qo‘yish emas, balki uning imkoniyati va loyihasini baholab, yana ish boshlashiga ko‘maklashish to‘g‘ri yondashuvdir.
Shuningdek, ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lgunga qadar Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan nafaqa to‘lanishi oila daromadini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy kafolatlardan biri bo‘ladi.
Ehtiyojmand oilalar uchun «passiv daromad» keltiradigan ijtimoiy paket joriy qilinishi natijasida 11 ming oilaning yarmida daromad sezilarli oshgani ham e’tiborli. Bu yerda asosiy maqsad oilani ijtimoiy yordamga doimiy bog‘lab qo‘yish emas, balki uni iqtisodiy faollikka qaytarish, barqaror daromad manbasini shakllantirishdan iborat bo‘lishi kerak.
Kelgusi yildan ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha to‘lovlari, o‘quv markazlari, yo‘lkira hamda oliy ta’lim muassasalaridagi yotoqxona xarajatlarini vaucher orqali qoplash mexanizmining joriy etilishi ham katta qadam bo‘ladi.
Chunki kambag‘allikni qisqartirish faqat bugungi ehtiyojni qoplash bilan cheklanmaydi. Bolaning ta’limi va kasbiy rivojiga sarmoya kiritish orqali oilaning kelajakdagi imkoniyatlarini kengaytirish ham zarur. Oila ijtimoiy reyestrdan chiqarilganidan keyin ham vaucherdan foydalanish imkoniyati saqlanishi esa yordamning natijadorligi tamoyiliga mos keladi.
Kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish yo‘nalishlaridagi dolzarb vazifalar ijrosiga ishtiyoq va mas’uliyat bilan yondashish barchamizning burchimizdir.
Ulug‘bek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.