Navoiyda kambag‘allikni qisqartirish masalasida jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi

 

Keyingi yillarda mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish masalasi davlat siyosatining ustuvor masalalaridan biriga aylandi. Aholi ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritishni maqsad qilgan Xalq demokratik partiyasi uchun ham bu prinsipial masala hisoblanadi. Shu sababdan partiya bu yo‘nalishdagi strategik vazifalarining hududlardagi ijrosi bo‘yicha doimiy o‘rganish va tahlillar olib bormoqda.

Navoiy shahrida o‘tgan “Kambag‘allikni qisqartirish: natijalar, murojaat va yechimlar” mavzusidagi jamoatchilik eshituvida viloyatdagi mavjud holat mas’ul idoralar mutasaddilari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi rahbarlarining axborotlari eshitildi.

Qayd etilishicha, 2025-yil boshida viloyatda ijtimoiy reyestrda turgan kambag‘al oilalar soni 13,8 ming ta bo‘lib, kambag‘allik darajasi 5,7 foizni tashkil qilgan. Yil davomida 10,2 ming oila kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 4,2 foizga tushgan.

O‘tgan yili viloyatda 156,7 ming nafar aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash reja qilingan bo‘lsa, amalda 162,7 ming nafar aholi bandligi ta’minlangan.

Navoiy, Zarafshon va G‘ozg‘on shaharlarida ishsizlik darajasi 4 foizdan pasayib, “tabiiy ishsizlik” darajasiga yaqinlashgani ham muhim natija sifatida qayd etildi.

Eshituvda deputatlar kambag‘allikni qisqartirishda erishilgan natijalar bilan bir qatorda, hali yechimini kutayotgan masalalarga ham to‘xtalib o‘tdilar. Xususan, bugungi kunda viloyatdagi 310 ta mahalladan 143 tasi kambag‘allikdan chiqarilgani, ayrim hududlarda aholini doimiy va barqaror daromad manbalari bilan ta’minlashda uchrayotgan muammolar tahlil qilindi.

Mutaxassislarning fikricha, kambag‘allikni qisqartirishda ta’lim tizimi bilan mehnat bozori o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlash muhim. Kasb-hunarga o‘qitish markazlarida bozorda talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish va bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni joriy etish orqali samaradorlikni oshirish mumkin.

Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirishga faqat ijtimoiy nafaqalar ajratish va bir martalik yordamlar bilan emas, balki aholining doimiy daromadga ega bo‘lishi, yangi ish o‘rinlari yaratish orqali erishish mumkinligi ta’kidlandi.

Jamoatchilik eshituvida partiya elektorati vakillari mutasaddilarga bevosita murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi, fuqarolarni o‘ylantirayotgan masalalar hal qilinishi bo‘yicha aniq choralar belgilandi.

Xalq demokratik partiyasi deputatlari hududlardagi o‘rganish natijalari asosida fikr-mulohaza va takliflarini bildirishdi. Kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoyaning manzilliligini oshirish muhimligi bildirildi. Ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biri ekani qayd etildi.

Xalq demokratik partiyasi so‘l qanot sifatida mazkur yo‘nalishdagi ishlarning ijrosi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholi murojaatlari bilan yaqindan ishlash, ularni yanada samarali ham etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni izchil davom ettirishi ta’kidlandi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat Fuqarolar murojaati Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish