So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metrosining “Er usti halqa yo‘li” yo‘nalishi hali ishga tushmagani haqidagi xabarlar tarqaldi. Ushbu ma’lumotlar yuzasidan “Toshkent metropoliteni” DUK rasmiy bayonot berib, yo‘nalish texnik sabablarga ko‘ra qisqa muddatli ta’mirda bo‘lganini, ammo muammolar bartaraf etilib, yo‘nalish yana faoliyatini boshlaganini ma’lum qildi.
Mazkur holatni joyida o‘rganish va aholiga aniq ma’lumot yetkazish maqsadida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi deputati Zulfiya Mo‘minova boshchiligidagi O‘zbekiston XDPdan saylangan Yangihayot tuman Kengashi deputatlaridan iborat ishchi guruh tuzildi. Deputatlar “Qipchoq” metro bekatida bo‘lib, “Er usti halqa yo‘li” yo‘nalishining amaldagi holatini, texnik jihatdan qayta ishga tushirilganligini o‘rgandi.
O‘rganish davomida “Toshkent metropoliteni” DUK injener-texnigi Akmal Aliqulov bilan uchrashuv o‘tkazilib, texnik ta’mirlash jarayoni hamda yo‘nalishning to‘liq ishga tushirilishi bo‘yicha batafsil ma’lumot olindi.
Aniqlanishicha, “Er usti halqa yo‘li” yo‘nalishi joriy yilning 1-noyabr tongidan boshlab to‘liq ishga tushirilgan hamda yo‘lovchilarga muntazam xizmat ko‘rsatishni boshlagan. Hozirda ushbu yo‘nalish bo‘ylab 12 ta harakat tarkibi 7 daqiqalik interval bilan qatnamoqda.
Deputatlar yo‘nalish faoliyatini o‘rganish chog‘ida metrodan foydalanayotgan yo‘lovchilar bilan ham suhbatlashib, ularning fikr va mulohazalarini tinglashdi. Fuqarolar metro yo‘nalishining qayta ishga tushirilganidan mamnun ekanliklarini bildirgan holda, bu yangilik ularning kundalik hayotida katta qulaylik yaratganini ta’kidladi.
O‘zXDP shahar va tuman Kengashi deputatlari tomonidan olib borilgan o‘rganish yakunida transport infratuzilmasining barqaror ishlashi aholining hayot sifati, qulayligi va ijtimoiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Deputatlar mazkur yo‘nalishning barqaror faoliyati ustidan doimiy monitoring olib borilishini ma’lum qilishdi.