
Yaqinda xalq deputatlari Piskent tuman Kengashidagi deputatlik guruhimiz tumanning ichimlik suvi va oqova suv tizimini o‘rganib, uni takomillashtirish masalasini tuman Kengashi sessiyasiga kiritdi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, tumanda 20 mingga yaqin xonadon mavjud bo‘lib, ularda 100 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Aholining 71,1 foizi ichimlik suvi bilan ta’mirlangan. Rejaga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 90 foizga yetkazilishi maqsad qilingan.
Tumanda 223 km ichimlik suvi tarmoqlari mavjud bo‘lib, shundan 16 kilometri ta’mirga muhtoj holatda.
Tuman Xalq qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlar tahlili ularning katta qismi aynan ichimlik suvining tez-tez uzilib turishi, bu boradagi murojaatlar mas’ullar tomonidan vaqtida ko‘rib chiqilmasligi, yaroqsiz holga kelib qolgan quvurlarning yillar davomida ta’mirlanmasligi bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatdi.
Deputatlarimiz suvga bo‘lgan talab va ehtiyoj har qachongidan ortib borayotgan bir sharoitda ko‘p hollarda suv behuda yo‘qotilayotganini qattiq tanqid qilishdi. Iste’molning aniq hisobi yo‘q, ayrim nasoslar, soha korxonalariga tegishli maxsus texnikalar eskirganligi qayd etildi.
Ichimlik suvi bilan bog‘liq muhokamalar uzoq davom etdi. Shu bois bu masalaga alohida e’tibor qaratilib, manzilli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Suv masalasi ustuvor ahamiyat kasb etayotgan ekan, uni isrof qilmaslikni targ‘ib qilish ishlarini kuchaytirish kerakligi aytildi. Suv ta’minoti darajasi past hududlarga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Sessiya yakunda muhim qarorlar qabul qildi.
Dilbar KOMILOVA,
O‘zXDP Piskent tuman kengashi raisi.
«O‘zbekiston ovozi», 13.8.2025, №32