
Bugungi kunda inkor etib bo‘lmas bir haqiqat bor, ya’ni, insonlarni, kerak bo‘lsa, butun boshli davlatlarni axborot boshqarmoqda. Demak, siyosiy partiyalar ham ushbu imkoniyat kuchidan eng maksimal darajada foydalanishi hayotiy ehtiyojdir. Chunki partiya faoliyatini samarali tashkil etishda tashviqot ishlarining ahamiyati katta. Zero, aynan axborot olami zamonaviy dunyoda siyosiy kurashning asosiy maydonidir. Shu ma’noda, partiya tashkilotlarining mazkur yo‘nalishdagi faolligini yangi bosqichga olib chiqish juda muhim, deb hisoblayman.
Ushbu fikrga kelishimning qator omillari mavjud. Ulardan biri axborot maydonidagi faoliyatimizni tizimli yo‘lga qo‘ya olmayotganimizda. Gap shundaki, bugun fikrni kim birinchi va ta’sirli yetkazsa, jamiyat shu ovozga quloq tutadi. Ammo partiyamiz axborot maydonida tizimli faoliyat yetishmayapti. Faqatgina an’anaviy 40-50, nari borsa 100 kishilik auditoriyali yig‘ilish va tadbirlar bilan cheklanib qolyapmiz. To‘g‘ri bunday tadbirlar ham kerak. Biroq millionlab insonlar ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘layotgan bu davrda partiyaning dasturiy maqsadlari, deputatlar faoliyati va amaliy tashabbuslari keng ommaga ta’sirchan va tezkor yetkazilishi shart, menimcha. Asosiysi, bu ishlarga 1-2 kishigina emas, barcha birdek bosh qo‘shishi talab etiladi.
Afsus bilan aytishni istaganim yana bir jihat, ko‘pchiligimizda tashabbus va ta’sirchan pozitsiya yetishmayapti. Hozirgi kun siyosiy raqobati Telegram, Instagram va Facebook orqali kechayotgan bir davrda haligacha ayrim kengashlarimiz va deputatlar ijtimoiy tarmoqlarda faol emas. Ba’zilari butunlay tashqi axborot muhitini kuzatmaydi.
Shuning uchun har bir tuman kengashining rasmiy ijtimoiy sahifasi muntazam va sifatli yuritilishi lozim. Videokontent, infografika, tezkor bayonotlar orqali faoliyat yoritilishi, deputatlarning chiqishlari, tashabbuslari videotasvirlar orqali xalqqa yetkazilishi tashviqot jozibadorligini oshiradi.
Kuzatuvlarimga ko‘ra, targ‘ibotda strategik yondashuv ham ancha oqsoq. Hozirda bu jarayon oylik targ‘ibot rejasi asosida olib boriladi. Biz bu uslubni o‘zgartirib, “bir hafta-bir mavzu-bir pozitsiya” tamoyiliga o‘tishimiz zarur.
Sodda qilib tushuntirsam, bu har haftada aniq bir ijtimoiy muammo, fraksiya pozitsiyasi va yechim takliflari partiyaning barcha darajadagi tashkilotlari tomonidan bir xil tarzda, bir xil axborot tilida xalqqa yetkaziladi. Shu orqali jamoatchilik ongida partiyaning fikri hamda pozitsiyasi ochiq va ishonchli shakllanadi.
Bularning barchasi zamirida siyosiy faoliyat tadbir bilan emas, natija bilan baholanishi kerak, degan oddiy haqiqat bor. Doim aytamiz, lekin negadir amalga oshirish qiyin bo‘lyapti. Siyosiy partiya ma’naviyat markazi emas, balki tahlil, tashabbus va ta’sir o‘chog‘iga aylanishiga oid g‘oyalarning hayotga ko‘chishi juda sust kechmoqda.
O‘ylaymanki, har bir deputat “bir muammo – bir pozitsiya – bir yechim” tamoyilida ishlashini ta’minlash vaqti keldi. Ana shunda masalalarni chuqur tahlil etish, aniq yechimlar ilgari surish, ijrosini nazorat qilish mexanizmi samara bera boshlaydi.
Bundan tashqari, “mediada partiya yuzi”ni yaratish borasidagi kamchiliklar ham kun tartibida turibdi. Ochig‘ini aytish kerak, ushbu jarayonda hali aniq bir yondashuv shakllanmagan. Ayni paytda partiyaning axborot maydonidagi "shaxsiy yuzi" mavjud emas. Bu – jiddiy kamchilik.
Har bir viloyatda doimiy ravishda chiqish qiladigan faollar, ta’sirchan, nutq madaniyatiga ega partiya vakillari shakllantirilmagan. Vaholanki, bu asosiy vazifasi targ‘ibotdan, odamlarni o‘ziga, g‘oyalariga ergashtirishdan iborat bo‘lgan siyosiy kuchdan kutiladigan birinchi masaladir. Qachonki, partiya “bir ovoz, bir yuz”ga aylanadi, shundagina odamlarda “bu XDPning fikri”, degan ishonch yuzaga keladi.
Aytish joiz, partiyamiz faoliyatini jonli targ‘ibot, ta’sirchan pozitsiya va raqamli maydondagi faol ishtirok bilan jamiyat ongiga yaqinlashtirish imkoniga ega bo‘lamiz. Tajriba ko‘rsatadiki, fikrlar unutiladi – natijalar esa yodda qoladi. Biz esa natijaga ishlaydigan partiya bo‘lishimiz shart, deb hisoblayman.
Shohrux O‘KTAMOV,
O‘zXDP Farg‘ona viloyat kengashi raisi.
«O‘zbekiston ovozi», 23.7.2025, №29